Sud statistikasi yoki viloyat sudi raisining navbatdagi matbuot anjumani
Samarqand viloyati sudi raisining matbuot anjumanidagi bu safargi chiqishi ham lo‘nda va ixcham bo‘lgani bilan xarakterli. Negaki, barcha raqamlar press-reliz orqali tarqatildi. Shunday bo‘lsa-da, viloyat sudi raisi e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, 2020 yilda sud ishlarini ko‘rib chiqishda sayyor sud majlislariga alohida e’tibor qaratilgan. Ko‘rib chiqilgan ishlarning 40 foizdan ko‘prog‘i ayni shu tartibdagi sud majlislarida muhokama qilingan.
- Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, birinchidan, fuqarolarimizning huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan, - dedi viloyat sudi raisi Olim Hayitov. – Qolaversa, sayyor sud majlislari orqali jamoatchilik nazorati uchun keng imkoniyat yaratish va pirovardida, sudni haqiqiy adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Sud ochiq institut, biroq ....
Viloyat sudi raisi, anjumanda ishtirok etgan o‘rinbosarlari va ma’muriy ishlar bo‘yicha viloyat sudi raisi B.Diyorov ham bu fikrni qayta-qayta takrorladi. Bu fikrga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Zotan, sud raislari ishtirokidagi muntazam brifing va matbuot anjumanlari ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ammo qarshi fikrlar har doim topiladi: nima uchun muayyan ish, ayniqsa, keng jamoatchilik o‘rtasida shov-shuv bo‘lgan holat bo‘yicha ko‘rilayotgan sud majlisida hukm o‘qish jarayoni haqida oldindan xabar berilmaydi?
- Sud ishi qachon va qaysi sudda ko‘rib chiqilishini oldindan aytish mumkin, lekin hukmni qachon o‘qish bu sud jarayonida ma’lum bo‘lishi uchun uni oldindan aytib bo‘lmaydi, - dedi O.Hayitov. – Qolaversa, sud majlisi ochiq bo‘lgani bilan uni yoritishga tomonlarning roziligi ham kerak. Shuningdek, appelyasiya berish muddati yakunlanmagan ish bo‘yicha chiqarilgan qarorni e’lon qilishga vakolatimiz yo‘q.
Hokimliklar qaysi sohada ko‘proq xato qilyapti?
Viloyat ma’muriy sudi raisining hisobotida qayd etilishicha, 2020 yilda tashkilotlarga taalluqli ko‘rilgan ishlar orasida hokimliklar bilan bog‘liqlari ko‘proq uchraydi.
Jumladan, adliya, ichki ishlar, kadastr va boshqa idoralarga tegishli ishlar 100 taga ham yetmaydi. Biroq hokimliklar faoliyati bilan bog‘liq 685 ta ishlar ko‘rib, tamomlangan. Shundan 247 ta da’vo qanoatlantirilgan.
Bu hokimlik faoliyatidan norozi bo‘lib yozilgan aksariyat shikoyatlarning noo‘rin bo‘lganligini ko‘rsatadi. Biroq, ko‘rib chiqilgan ishlarda mahalliy hokimliklarning yuzga yaqin qarori haqiqiy emas, deb topilgan.
- Fuqarolarning shaxsiy masalalardagi murojaati hokimliklarda byurokratik to‘siqlarga uchrayotganini ko‘rishimiz mumkin, - deydi viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov. – Masalan, tegishli tartibda yer ajratilgan uchastkasida 10-15 yildan buyon yashab kelayotgan uy-joyi uchun egalik huquqi tasdiqlanmayapti. Vaholanki, barcha asoslar yetarli bo‘lganda bunday qaror qabul qilish mumkin.
Statistika nimalarni “gapirmoqda”
Matbuot anjumanida imkon qadar savollarni ochiq qoldirmaslikka harakat qilingani e’tiborli. Viloyat sudi, ma’muriy sud raisi, o‘rinbosarlar tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning keng jamoatchilik uchun afzalliklari xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.
2020 yilda ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha taqqoslama jadvalda esa qaysi toifa ishlar ko‘paygani va kamaygani aks etgandi. Unga ko‘ra, yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudda badanga o‘rtacha (18) va yengil (38) shikast yetkazish bilan bog‘liq ishlar 2019 yilga nisbatan ko‘proq ko‘rilgan. Shuningdek, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash 50 taga, firibgarlik 14 taga, soliqlar yoki majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash 16 taga, pora berish 12 taga, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar 44 taga ko‘paygan.
Shu bilan birga qasddan odam o‘ldirish 15 taga, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazash 11 taga, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash 13 taga, o‘zlashtirish yoki rastarata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish 56 taga, o‘g‘rilik 54 taga kamaygan.
Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Yo.Marqayev.