Yilning birinchi yarmida sudlarda korrupsiyaga oid 167 ta jinoyat ishi ko‘rildi
Ichki ishlar organlari Probatsiya xizmati taqdimnomalari asosida qilmishidan chin ko‘ngildan pushayman bo‘lgan, o‘ziga tegishli xulosa chiqargan, jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tib, tartib-intizomga qat’iy rioya qilgan namunali xulq-atvordagi 1256 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 237 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Samarqand shahar va Past Darg‘om tumanida joylashgan jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 232 nafar shaxs tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi.
Samarqandda yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 228 nafar shaxsga nisbatan korrupsiyaga oid 167 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlandi. Sohalar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p (40 nafar shaxsga nisbatan) ta’lim va qurilish (21 nafar shaxsga nisbatan) sohasiga to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib hal etilgan va da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 291 milliard 761 million 790 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilindi.
Hisobot davrida 22 ming 714 nafar shaxsga nisbatan 17587 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyaga kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4526 taga ko‘p demakdir.
Ko‘rib tamomlangan 10 ming 502 ta ma’muriy ishlar bo‘yicha 12 ming 552 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi.
Jumladan, 10 ming 368 nafar shaxsga nisbatan jarima, 114 nafar shaxsga nisbatan maxsus huquqdan maxrum qilish, 2070 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.