Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Jamiyatda korrupsiya oddiy xalq vakillarining yuqori amaldorlarga yoki davlat amaldorlarining o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqadi. Ushbu salbiy holatlarning har qanday ko‘rinishi jamiyatni halokat yoqasiga olib borishi muqarrar.

Shunday ekan, ushbu illatga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimizda korrupsiyaga barham berish, hokimiyat amaldorlarining halol ishlashini ta’minlash, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, davlat va xalq o‘rtasidagi jarayonlarda inson omilini kamaytirishga qaratilgan bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan va bu bejiz emas.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etib, o‘z natijasi va samarasini berib kelmoqda. Ushbu hujjatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 

Joriy yil 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaning oldini olishdagi roliga alohida e’tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerakligini qayd etdi. Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilik va deputatlar  jalb qilinishi zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda parlament keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirildi. Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 10 milliard so‘mdan ajratib borilishi aytildi.

Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, korrupsiyaning har qanday turiga qarshi kurashishda davlat fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ish yuritishi maqsadga muvofiq.

Aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashishda siyosiy partiyalar, deputatlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan olib borilayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish kabi sohalarni tartibga solish borasida ko‘rsatilayotgan tashabbuslar shular jumlasidandir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, korrupsiyaga barham berishga faqat davlat va hukumatning kuchi bilangina erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun mazkur ijtimoiy illatga qarshi butun jamiyat, barcha fuqarolar faol kurashmog‘i zarur.

Ilhom Botirov,

O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati