Korrupsiya jinoyatiga qo‘l urayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qattiq jazo qo‘llanishi shart
Bu Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisida aytildi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy va hududiy kengashlari a’zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holati hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, korrupsiyaga moyil bo‘lgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiya omillarining oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish zarurligi va ham iqtisodiyot, ham hayot farovonligini ta’minlashi qayd etildi.
- To‘g‘ri, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida korrupsiya holatlari kamaydi, bu illatga oid jinoyatlarni ochish darajasi oshdi, - dedi Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva. - Korrupsiya jinoyatlari natijasida davlatga yetkazilgan moddiy zarar undirilayotgani ham yaxshi. Biroq O‘zbekiston 2023 yilgi «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»da 180 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. Bu bilan mamlakat o‘rni 5 pog‘onaga yaxshilangan (2022 yilda 126-o‘rin), xolos. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasiga mos kelmaydi. Masalan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank sohalari hamon eng korrupsiyalashgan sohaligicha qolmoqda.
Majlisda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash vazirliklarida uchragan korrupsion holatlar tanqidiy muhokama qilindi, bu jinoyatga qo‘l urayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan ayovsiz jazo qo‘llanishi zarurligi aytildi.
Majlis doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini kuchaytirish, ularni axborot, maslahat va uslubiy qo‘llab-quvvatlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbirda kapital qurilish sohasi hamda sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”, jamiyatda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.