Dunyoning eng kuchli bilyardchilari Samarqandda bellashmoqda

“Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida bilyard sport turining dinamik piramida yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatiga start berildi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli chempionatda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Moldova hamda Belarus mamlakatlaridan 150 nafar sportchi mahoratini ko‘rsatmoqda.

Musobaqaning ochilishida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston bilyard federatsiyalari mas’ullari ishtirok etib, sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.

– Bilyard bo‘yicha jahon chempionatini mamlakatimizda o‘tkazishdan asosiy maqsad – ushbu sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish, mahalliy sportchilarimiz uchun xalqaro tajriba maydoni yaratish va bu orqali turizm salohiyatini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston bilyard federatsiyasi vitse-prezidenti Safoidin Sadirov. – Shu bois ham chempionat uchun har tomonlama qulay bo‘lgan ko‘hna va tarixiy Samarqand tanlandi. Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida iqtidorli sportchilarni saralash turnirlari orqali aniqlab oldik. Jumladan, terma jamoamiz tarkibidan jahon miqyosida munosib raqobat qila oladigan Jamoliddin Qo‘chqorov, Nodir Mirzayev, Zuhriddin Hoshimov kabi mahoratli sportchilar yurtimiz sharafini munosib himoya qiladi, degan umiddamiz.

Musobaqa 26 aprelgacha soat 10:00 dan 21:00 ga qadar davom etadi.