Tozalik shart, lekin bolangiz salomatligiga e’tiborli bo‘ling

Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasining torakal xirurgiya bo‘limiga qizilo‘ngachning kimyoviy kuyish jarohati bilan keltirilayotgan bolalar soni oshib bormoqda.

Albatta, hech bir ota-ona bunday bo‘lishini xohlamaydi. Ammo, ularning e’tiborsizligi, kundalik turmushda turli xil maishiy kimyo vositalaridan foydalanishdagi ehtiyotsizligi oxir-oqibat qimmatga tushmoqda. Gap ayni paytda xonadonlarda oshxona, hammom va boshqa sanitariya xonalarida foydalanilayotgan yuvish vositalari haqida bormoqda. To‘g‘ri, ular yordamida tozalikni saqlash, turli mikroblarni yo‘q qilish mumkin. Biroq ularning barchasi tarkibida inson salomatligi, ayniqsa, bolalar uchun xavfli kimyoviy moddalar borligini unutmaslik lozim. Barcha yuvish vositalarida mavjud eng kuchli reagent – ishqorning o‘zi inson organizmi uchun qanchalik yomon ta’sir qilishini aytishning hojati bo‘lmasa kerak. Bola hayoti uchun esa bir necha tomchi kimyoviy suyuqlikning o‘zi juda katta xavf hisoblanadi. 

O‘tgan yil klinikamizda kimyoviy vositalar natijasida qizilo‘ngachi kuygan 70 nafarga yaqin bolani davolagan edik. Ular 1,5 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan, ya’ni dunyoni faol o‘rganish yoshidagi bolalardir. Aksariyati yorqin qadoqlar, g‘ayrioddiy hidlarga berilib ketib, yuvish yoki tozalash vositalarini iste’mol qilgan. Yana shunday ota-onalar borki maishiy tozalash vositalaridan tez-tez foydalanish uchun uni piyola, kosa va boshqa idishlarga solib stol ustiga, deraza oldiga yoki tokchalarga ko‘yishadi. Bolalar esa bu zaharli moddani ichimlik deb o‘ylab ichib yuboradi. Bunday holatlar ham tez-tez uchraydi. Oqibatda, bolalar qizilo‘ngachning og‘ir kimyoviy kuyishi bilan bizga olib kelinadi.

Faoliyatimizda akkumulyator suyuqligini ichishi natijasida qizilo‘ngachning juda og‘ir kuyishi bilan keltirilgan bolani operatsiya qilishimizga to‘g‘ri kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning otasi bu suyuqlikni yaxna ichimlik idishiga solib mashinada qoldirgan va farzandi uni tatib qo‘rgan.

Tarkibida ishqor bo‘lgan yuvish vositasini ichgan boshqa bir go‘dak nafaqat qizilo‘ngachni, balki oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichagini ham kuydirib, unda chandiqlik torayish hosil qilgan.

Biz ikkala bolaning ham hayotini saqlab qoldik, ammo bunga ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Bolalarning o‘zi esa ko‘p azob-uqubatlarni boshdan kechirdi.

Kezi kelganda ota-onalarga davolash natijalariga ta’sir qiluvchi eng asosiy omil vaqt ekanligini eslatib o‘tmoqchiman. Shunday holat sodir bo‘lganda qancha erta shifoxonaga murojaat qilishsa, davolash samarali, asoratlar kamroq bo‘ladi. Kimyoviy modda iste’mol qilgan bolani hech qachon o‘zingizcha yoki soxta tabiblar maslahati bilan davolashga, turli giyohlar ichirishga urinmang. Bu kasallikni yanada og‘irlashtiradi.

Zamonaviy tibbiyotda qizilo‘ngach kuyishi shikastlanish darajasiga qarab turlicha davolanadi. Masalan birinchi darajali kuyish bo‘lsa, konservativ davo qo‘llaymiz. Ilgari ikkinchi va uchinchi darajali kuyishda chandiqli torayish bilan asoratlangan bemorlarga gastrostoma qo‘yishga to‘g‘ri kelgan, uning yordamida qizilo‘ngachni “ip o‘tkazgich” yordami bilan bujlash (kengaytirish) amalga oshirilgan. Bunday davolash usuli eng maqbul deb hisoblangan. Bizda bundan boshqa davolash usullarini qo‘llash borasida ham professor Azamat Shamsiyev rahbarligida yosh mutaxassislarimiz tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va samarali, o‘zini oqlagan metodlar qo‘llanilmoqda. Ayni paytda ikki nafar xodimimiz ushbu yo‘nalish bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida. Ko‘p yillik tadqiqotlar, ilmiy asoslangan xulosalar va natijalar hosilasi bo‘lgan bu ilmiy tadqiqotlar kichik bemorlarimizni davolash sifatini yanada takomillashtirishiga ishonamiz. 

So‘nggi uch yil davomida biz ushbu kasallikni davolashning kam invaziv usulidan foydalanmoqdamiz. Bu uslub qizilo‘ngachni kengaytirish uchun videoyezofagoskopiya yordamida o‘tkazgich qo‘yib bujlashdan iborat. Protsedura yoqimli emas, lekin kam shikastli usul hisoblanadi. Qizilo‘ngach kuyishini davolash uzoq vaqt talab qiladi va bunga bola ham, ota-ona ham e’tiborli bo‘lishi lozim.

Yaxshisi, maishiy tozalash vositalarini bolalar qo‘li yetmaydigan joyda saqlang va ularni bu xavfdan ehtiyot qiling. Shunda hammasi joyida bo‘ladi.

Jamshid Shamsiyev, 

Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi bosh vrachi.