Omondaram bor bo‘lsin!

Men ko‘pchilik biladigan Jom qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sganman. Ko‘proq umrim o‘qish va ish bilan Samarqandu Toshkentda o‘tganligi uchun qishloqdoshlarim bilan u yoki bu tadbirga kelgandagina suhbatlashganman.

To‘g‘risi, ba’zan havoning noqulay paytlarida bu yerlarga kelib-ketishning o‘zi muammo: yo‘llari yomonligi yetmaganidek, na durustroq do‘kon, yemakxona, sartaroshxona bor edi. Shukrkim, Jom qishlog‘i markazi davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori bilan bugun go‘zal go‘shaga aylandi.

Ammo Jom uchta mahalladan iborat. Omondara Qashqadaryo viloyatiga chegara joyda joylashgan. Bu mahallaga borishda doimo qiynalamiz. Chunki, mus­taqillik davrida ham yo‘llar asfalt ko‘rmagan. Ayniqsa, olis Toshkentdan Jom markazigacha oson kelardigu, qolgan uch kilometr masofani azob bilan bosib o‘tardik.

Yaqinda qishloqqa yo‘lim tushdi. Ochig‘i, yo‘llarga shag‘al to‘kilganini, hatto asfalt yotqizilganini ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim: nahotki, bizning azaliy tuproq va tosh ko‘chalar shunday obod bo‘ldi. Ha, endi, birortasi shikoyat qilgan bo‘lsa, yo‘lning ozroq qismini obod qilishgandir-da, deb o‘yladim. Chunki ilgari ham bunaqa amaliyotlar yo‘q emas edi. Lekin yurgan sari hayratim oshaverdi. Asfalt yo‘l soy ko‘prigigacha, hatto sal teparoqda joylashgan Cho‘nqaymish qishlog‘igacha boribdi.

Odamlar bilan suhbatlashar ekanman, ulardagi xursandchilikdan kayfiyatim ko‘tarildi.

Mehnat faxriysi Eshturdi Rahimovning aytishicha, so‘nggi bir yarim oy ichida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov qishloqqa ikki marta kelgan. Yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni yechish uchun mutaxassislar bilan muhokamalar o‘tkazgan. Natijada birgina Omondara mahallasida 673 ta xonadon bo‘lib, 4 215 nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning aksariyatiga xonaki tovuqlar tarqatilgan, inkubatorlar keltirilgan. Muhimi, aholi yetishtirgan tuxum va jo‘jalarni sotib olish va boshqa joylarga eltib sotish uchun alohida tashkilot ham tashkil qilingan. Bu yerda 12 nafar ayol bosh qo‘shib, bitta tikuv sexi ochgan.

Adolat opa degan ziyoli onaxonimiz qishloqdagi jome masjidi yonida kutubxona tashkil etib, odamlarga foydasi tegib turgan edi. Erkinjon Turdimov ana shu opaning kutubxonasiga 5 mingta kitob keltirib beribdi. Aytganday, qishloqqa ikkita maxsus konteyner o‘rnatilib, erkaklar va ayollar sartarosh­xonasi ham ish boshlabdi.

Eng muhimi, keyingi bir oy ichida 10,5 kilometr uzunlikdagi yo‘lga asfalt yotqizilibdi. Jom atrofidagi mahallalarga 2 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilibdi, 1200 ta beton ustunlari qo‘yilibdi. 5 ta yangi transformator keltirilib, 2 tasi o‘rnatilibdi, ikkita quduq qazilyapti. Hademay markazlashgan toza ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Darvoqe, mahalla hududida “G‘ishtband” suv ombori qurilishiga kirishilibdi, mahallaning yangi binosi ham bitay deb qolibdi. 21-maktab filialiga qatnovchi o‘quvchilar, ayniqsa, yog‘ingarchilik paytlarda soydan o‘tishga qiynalayotgani inobatga olinib, yangi ko‘prik bunyod etilyapti.

Bugun Toshkent shahrida yashasam ham qalbim hamisha Jomda, uning atrofida bolaligimga guvoh bo‘lgan qadrdon yaylovlarda, menga oq yo‘l tilagan mehribon hamqish­loqlarimda. Shuning uchun ham bu galgi tashrifim qalbimni g‘ururga, faxrga to‘ldirdi. Hamqishloqlarimdagi quvonch ko‘zlarimga nur, vujudimga shavq bag‘ishladi. Mana shunday paytda olis qishloq ahlining duosini olgan viloyat hokimiga men ham chin ko‘ngildan rahmat aytishni farz deb bildim.

Bugungi farovon turmushimizga, bunyodkor xalqimizning shijoatiga, shu shijoatli elni ezgulikka boshlayotgan fidoyi rahbarlarimizga ko‘z tegmasin.

Dilorom Yormatova,

qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.