Nurobodda darsliklar tarqatilishi bilan bog‘liq voqeadan so‘ng maktab direktori lavozimidan ozod qilindi, sinf rahbari ishdan bo‘shatildi
Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
"Joriy yilning 5 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanidagi 1-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalariga qo‘pol ravishda darsliklar va mashq daftarlari tarqatilganligi aks etgan videolavhalar tarqaldi.
Holatni o‘rganish bo‘yicha Nurobod tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida tumandagi 1-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchilariga sinf rahbari maktab darsliklari va mashq daftarlarini qo‘pol tarzda, o‘qituvchi etikasi va odob-axloq qoidalariga zid ravishda, sinfdan tashqari holatda tarqatganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘qituvchiga xos bo‘lmagan xislatda xatti-harakat qilganligi sababli maktabning 4-"d" sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Maktab darsliklari va mashq daftarlarini tarqatilish jarayonini nazoratga olmaganligi va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi sababli maktab direktori ham egallab turgan lavozimidan ozod qilinganligini ma’lum qilamiz", deyiladi hokimlik xabarida.