Toyloqdagi o‘zgarishlar jurnalistlar nigohida

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi Toyloq tuman hokimligi bilan hamkorlikda mazkur tumanga press-tur tashkil etdi.

Tumandagi 50 ta mahallada 37,9 ming xonadon, 53,1 ming oila va ushbu oilalarda  231,1 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni 122,8 ming kishi va iqtisodiy faol aholi 89,1 ming nafarni tashkil etadi.

Yaxshi natijani ta’lim belgilaydi

Dastlabki manzilimiz tumanda hozircha yagona bo‘lgan “Behbudiy vorislari” xususiy ta’lim maskani bo‘ldi. 2025 yil ochilgan, 250 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda joriy yildan 400 nafargacha yoshlar ta’lim olib, oliy ta’lim muassasasiga kuzatiladi. Maktabda mehnat qilayotgan 50 dan ortiq o‘qituvchi va xodimlarning mahorati tufayli 76 nafar maktab bitiruvchisi oliy ta’limga kirish uchun turli fanlardan sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada 16 nafar o‘quvchi yuqori o‘rinlarni egallagan.

 

Ajdodlar xotirasiga ehtirom

Toyloq Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan zamin va bu yerda adibga alohida ehtirom ko‘rsatiladi. O‘tgan yil tadbirkor A.Xodiyev adib tug‘ilgan Baxshitepa mahallasida “Behbudiy kutubxonasi” tashkil etgan, 15 va 17-umumta’lim maktablarida har oy 30 nafar o‘quvchiga “Behbudiy stipendiyasi” beriladi. Mahalla markazida “Mahmudxo‘ja Behbudiy bog‘i”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy kutubxonasi va uy-muzeyi”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy ilm nuri maskani” nomli o‘quv markazi tashkil etilib, Mahmudxo‘ja Behbudiyning byusti o‘rnatilgan.

Keyingi manzilimiz tumanda tashkil etilgan “Amir Temur bog‘i” bo‘ldi.

-  Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tumanimizning O‘rtaqishloq mahallasida Amir Temur bog‘i barpo etildi, - deydi “Qo‘shchinor” gazetasi muharriri Mo‘tabar Yo‘ldosheva. – Tarixga nazar tashlasangiz Amir Temur ko‘plab bog‘lar barpo etgan, jumladan, bizdagi Bog‘izog‘on bog‘i ham ana shu bog‘lardan biri hisoblanadi. Shu bois, sarkarda nomi bilan ataladigan bog‘ hududi to‘liq obodonlashtirilib, Amir Temur haykali qayta ta’mirlandi. Natijada hudud zamonaviy va estetik jihatdan yanada jozibador maskanga aylandi. Bundan tashqari, muzey tashkil etilib, sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Mazkur bog‘ yoshlarni milliy qadriyatlar va tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy maskanlardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda O‘rtaqishloq mahallasiga Amir Temur nomini berish bo‘yicha taklif tayyorlanmoqda.

Tumanda joriy yilning dastlabki to‘rt oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2  trillion so‘mni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 870,6 milliard so‘mni, xizmatlar hajmi 568 milliard so‘mni, chakana savdo aylanmasi hajmi 388,9 milliard so‘mni, qurilish-pudrat ishlari hajmi 446,1 milliard so‘mni, mahsulotlar eksporti hajmi 6,8 million dollarni tashkil etdi.

Mahsulotimiz sifati – bizning kafolatimiz

Tumandagi Pet Agro Oil kompaniyasi o‘simlik moylari ishlab chiqarish va qayta ishlash yo‘nalishida samarali faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarishda ilg‘or texnologik yechimlardan foydalanish mahsulotlarning sifatini ta’minlash, energiya tejamkorligini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Korxonada xomashyoni qabul qilishdan tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar zamonaviy standartlar asosida amalga oshiriladi. Bugungi kunda korxona ichki bozor ehtiyojlarini qondirish bilan bir qatorda, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda mahsulot turlarini ko‘paytirish ustida ish olib bormoqda.

Aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda, 2026 yilning yanvar-aprel oylarida 9392 nafar aholining daromadlari oshirilishiga erishildi. 1179 nafar  aholi doimiy ishga ega bo‘ldi. Shundan, investitsiya yo‘nalishida 163 ta, xizmatlar yo‘nalishida 190 ta, qishloq xo‘jaligida 116 ta, boshqa yo‘nalishlarda 710 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 996 ta yashirin ish o‘rni soyadan chiqarildi.

Press-tur davomida tumandagi sanoat zonasi faoliyati bilan ham tanishdik. Bu yerda “Sam-delfin” korxonasi tomonidan 500 bosh qoramol boqilmoqda va yiliga 75 ming bosh parranda boqish loyihasi ishga tushirilmoqda. “Fayz” MChJ tomonidan qurilish materiallari, jumladan, turli o‘lchamdagi beton plitalar ishlab chiqarilmoqda.

Tumandagi Qo‘shchinor mahallasi asosan dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Tomorqalarda makkajo‘xori yetishtirish mahallaning asosiy drayveri hisoblanadi. Masalan, 10 sotix tomorqasi bor xonadon ikki mavsumda ushbu ekindan 16 million so‘mdan ortiq daromad oladi. Mahallada joylashgan “Akmal Toshpo‘latovich” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida 2 mingdan ortiq naslli chorva mollari boqiladi. Xo‘jalikda kuniga 4,5-5 tonnagacha sut olinib, shu yerning o‘zida qayta ishlanib, iste’molchilarga yetkazib beriladi. 80 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan xo‘jalikda yiliga 200 tonna go‘sht, joriy yildan Koreya texnologiyasi asosida intensiv usulda baliq boqish boshlandi. Xo‘jalik a’zolarining xayrli tashabbusi bilan o‘tgan yili mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga 15 bosh sog‘in sigir berilibdi. Bu yil ham bu an’anani davom ettirish rejalashtirilgan.

Tuman hokimi Behzod Rahmatullayev jurnalist va soha xodimlari bilan uchrashuvda hududda olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

-  Tumandagi 50 ta mahalla dehqonchilik, chorvachilik hamda xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, shundan 17 ta mahalla chuqur, 25 ta mahalla o‘rta va 8 ta mahalla past ixtisoslashgan, - deydi B.Rahmatullayev. - Joriy yil yakuniga qadar 10 ta mahalla chuqur ixtisoslashuvga o‘tkaziladi. Yil yakuni bilan tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilab olganmiz. Jumladan, 25,4 ming aholi daromadi oshiriladi, 4,5 mingdan ortiq aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi, 2,6 mingta yashirin ish o‘rni soyadan chiqarilib, ishsizlik darajasi 3,2 foizga pasaytiriladi. 

Toyloq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar hududning ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda tarixiy va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda. Kelgusida ta’lim, madaniyat va ma’naviyat yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali aholi farovonligini oshirish va yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.

Shundan so‘ng soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari, jumladan, futbol bo‘yicha bahslar o‘tkazildi.

***

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni  arafasida viloyat sog‘liqns saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida jurnalist, blogerlar hamda media sohasi vakillari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Viloyat hokimi sovrini uchun” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda soha xodimlari sportning shaxmat, shashka, stol tennisi va badminton turlari bo‘yicha bellashdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.