Sharof Boshbekovning ismini kim qo‘ygan?

Buyuk dramaturg tavallud topganiga 75 yil to‘ldi

“Men odamlarning baxshisi, baxshilarning yaxshisi, ustoz Fozil Yo‘ldosh bilan deyarli hamqishloq edim. Deyarli deyishimga sabab qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin joylashgan edi.

Ayni qish vaqti Fozil ota “ko‘mir, o‘tin-cho‘pdan qiynalib qoldim, uyimdan chakka tomayapti, hech kim xabar olmaydi”, deya Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Sovet va Markazqo‘mga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. O‘sha kezlar Oliy Sovet raisi bo‘lgan Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga keladi. Qaytishda oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik deb Fozil otaning uyiga kirib o‘tadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qo‘y so‘yilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro‘ odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi  (u kishi o‘sha kezlar "Qoramo‘yin" qishloq sovetida kotib bo‘lib ishlaganlar). Allohning qudrati bilan kechasi qalin qor yog‘ib, uy eshiklari ochilmay qolgan, hatto mashinani ko‘mib yuborgan (otamiz ta’biri bilan aytganda, ot yurolmas qor bosgan). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur bo‘lishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qo‘shnilardan biri derazani chertib:

—Boshbek aka, o‘g‘illi bo‘ldingiz! — deya xushxabar olib keladi.

—Nima ism qo‘yamiz, Boshbekboy? — deydi Fozil ota.

—O‘zlaringiz bir nima deysizlar-da... — deydi otamiz boshlarini eggancha.

—Bo‘lmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga Sharof deb qo‘yasiz-da! — deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi.

U kishi miyig‘ida kulib o‘tirarkan, e’tiroz bildirmabdi. Buni “sukut — rizolik alomati” deb tushungan padarimiz ertansi kuni yangi tug‘ilgan mehmonga “Sharof Boshbekov” degan hujjat olib keladi.

Ana o‘sha “ot yurolmas qor bosgan” kechada tug‘ilgan chaqaloq kamina bo‘ladilar. O‘shanda 1951 yilning 4 yanvar sanasi ekan...”

 “Tafakkur” jurnalining 2021 yil, 3-soni, “Kamchiliklarga kuyunib, yutuqlardan suyunib” maqolasidan.