"Yuragimda entikar baxtlar"
Kattaqo‘rg‘on tumanining Suv ombori qishlog‘ida yashovchi Sadoqat Hamroyeva nomi ijtimoiy tarmoqlarda ancha tanilib qoldi. Bu qiz vujudidagi so‘z aytishga tashnalik, qonidagi Xudo bergan iqtidor va xislatidagi zukkolik she’rlarida ham yaqqol seziladi.
Ochig‘i, o‘zim ham ba’zi tadbirlarda o‘qigan mashqlarini eshitib, hali oliy maktab ko‘rmagan qizdagi mahoratga havas qilganman. Shuning uchun ham "Ilm-ziyo-zakovat" nashriyotida chop etilgan yangi "Oy tovushlari" kitobini ishtiyoq bilan o‘qidim.
Xulosamni oldindan aytsam, ayb etmang: Samarqand adabiy muhiti o‘zining yana bir Xosiyatiga, Erkatoshiga, Jumaguliga va Guljamoliga ega bo‘lyapti!
Bu fikrim bejiz emas. Sadoqatda tinimsiz yozish ishtiyoqi barobarida inson ruhiyatini anglash, uning suvratini chizish mahorati kuchli. U nafaqat tabiat ranglari, ko‘ngil tuyg‘ularidan, balki atrofidagi har bir narsadan mohiyat qidiradi va... muhimi, uni topa biladi. Shu sababli she’rlarida bayondan ko‘ra kechinmalar ustuvor:
"Osmon yerga yomg‘ir ilindi" ("Yomg‘ir yog‘sa"), "Jonimga tig‘dayin botadi sog‘inch" ("Sensiz"), "Sabrimdan uzilgan so‘nggi tomchiday" (...), "Jim turib, jimlikda ham ko‘ngil sinar, voajab!" ("Sog‘indim"), "Gar sabrga kimki haykal qo‘yar bo‘lsa, U ayolning timsoliga qo‘yilgaydir" ("Ayol zoti"), "Darz ketgan ko‘ngilda qulaydi Sabrdan yasalgan qoyalar" (...), "Bu olchoq hijronda hadsiz talangan" ("Kutish"). Bundan tashqari, she’rlarida "bargparchin yo‘lka", "iymon otlig‘ zirh", "vaqt tosh otar", "Ming tilim yurakning bandi hislari", "parcha dilni parchalar xayol" kabi chiroyli tashbehlar ham e’tiboringizni tortishi bor gap.
Kitobda "Sensiz" degan she’r bor. Unda ishqiy munosabatlar xotirlanadi, she’r qahramoni o‘sha qadrdon sayilgohni aylanar ekan, shirin damlarini eslaydi. U bor atrofda sog‘inch, armon ko‘radi: "Telbaday kezaman ko‘zlarim giryon, Yurak shod damlarni qumsayveradi"," Har sas ovozingga o‘xshayveradi"... Muallif uni juda chiroyli yakunlagan:
"Na borib o‘tirdim, na keta oldim,
Qarshimda chiqqanda bo‘m-bo‘sh o‘rindiq!".
Bunday go‘zal xulosalarni boshqa she’rlarda ham uchratish mumkin.
Darvoqe, kitobga so‘zboshi yozgan va muharrirlik qilgan taniqli shoir Shodmonqul Salom aytganidek,"Uning bitganlarini o‘qib, bir sodda haqiqatga amin bo‘ldim. She’rning joni samimiyatda ekan!... O‘z qalbidan haqiqatni izlab yashayotgan, kechmasa-da, barisi yengil. Keling, Siz ham bu kitobni topib o‘qing, bahra oling, kattaqo‘rg‘onlik dilbar shoiramizga tuyg‘udosh bo‘ling...".
Farmon TOShEV.