“Umrim bo‘yi hamroh bo‘ldi do‘st hamda raqib”

O‘tgan asrning 70-yillarida Samarqand adabiy muhiti, xususan, vohaning nazm maydoni peshqadamlaridan bo‘lgan shoir va jurnalist Sur’at Oripov 1937 yil 18 yanvarda Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan.

Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgach, viloyat «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida mehnat qildi.

Sur’at Oripovda ilhomiy jo‘shqinlikdan tashqari, tirishqoqlik, mehnatsevarlik, kamtarlik kabi ajoyib fazilatlar ham bor edi. Afsuski, ustoz ijodkor 1986 yilda bevaqt vafot etdi. Undan faqat Rauf Parfi bilan hamkorlikda chiqargan «Subhidam» to‘plamigina yodgor qoldi.

Chop etishga tayyorlagan «Ranglar va ohanglar», «Chanqovuz» deb nomlangan kitoblari shoir o‘limidan keyin chop etildi. 2020 yilda esa “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumi ostida “Shoir yuragi” deb nomlangan kitob chop etildi.

Quyida shoirning ayrim she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.

***

BULBULGA

Balki ushalgandir dilingda armon,

Balki o‘zgargandir senda tushuncha,

Bobonglar umrbod chekishdi afg‘on,

Bugun sen har uyda mehmon bulbulcha.

 

Bolalar chug‘urlab sepishar don-dun,

Qafasda na gulzor, na biror g‘uncha.

Ehtimol gul nima bilmaysan bugun,

Hajrida yonmaysan endi, bulbulcha.

 

Ishq degan azobdir turgan-bitgani,

Bobong undan vafo ko‘rmadi qilcha.

Seni bu g‘avg‘odan xalos etgani

Odamzod yordamga keldi, bulbulcha.

 

«Chaq-chaq» qil, bu yerda yo‘q o‘zga yumush,

Zarra g‘am yemasin nozik ko‘ngilchang.

Qafasga solishga arzimas boyqush,

Faqat sen munosib unga, bulbulcha.

***

QALB VA ShE’R

Yurtim – to‘kin-sochin dasturxon,

Qalbim – ilhom qaynagan qumg‘on.

Sevgim – toshqin, jo‘shqin shalola,

She’rim – yangi tug‘ilgan bola.

Daftar – uning oppoq yo‘rgagi,

Aqlim – uning jajji yuragi!

***

GLOBUSGA HAZIL

Beshga ham to‘lmagan o‘g‘limning yoshi,

Qizil bo‘yoqlarga o‘ch bo‘lgan biram.

Balki o‘z davrining bo‘lar naqqoshi,

(Yaxshi odam bo‘lsin, u kim bo‘lsa ham).

Yozish va chizishni qilmaydi kanda,

Bayroqni, lolani ko‘rsa intilar.

Ufqni qizartirib, quyosh chiqqanda,

Repin, Behzod kabi unga termilar.

Bir kun globusga qilibdi hazil,

Bo‘yabdi anordek qip-qizil rangga.

Afrika ham qizil, Osiyo ham qizil,

Qizildir Marokash, Konga, Katanga.

Avval bosolmadim sira jahlimni.

Ammo yosh go‘dakni ranjitmoq nechun,

Ozodlik quyosh yetti iqlimni –

Ertami, indinmi yoritar bir kun.

***

NEGA SEN KELMADING?

Har kun derazadan men boqdim xomush,

Qishning sovuq yeli esganda g‘iz-g‘iz.

Xayolim shu yeldek bo‘ldi faromush,

Seni kutaverib, ey umri aziz.

 

Mushaklarim qaqshab, sanchganda yurak,

Menga dalda berdi har ahli ta’miz.

Lekin, faqat seni kutdim jonsarak,

Kutdim, sen kelmading, ey umri aziz.

 

Bir bor kirib kelsang eshikdan kulib,

Kasalligim tezroq cho‘karmidi tiz.

Yo‘lingga ko‘z tikdim «o‘lib, tirilib»,

Ammo sen kelmading, ey umri aziz.

 

Bemor ko‘rish uchun kelar odamlar,

O‘zimni hech qachon qo‘yishmas yolg‘iz.

Yana eshitildi tanish qadamlar...

Faqat sen kelmading, ey umri aziz.

 

Yonimdan jilmaydi hushyor tabiblar,

Davolovchi vrach – bir yuzi qirmiz.

Ko‘nglimni ko‘tarar dilkash habiblar,

Yolg‘iz sen kelmading, ey umri aziz.

 

Xonamga taraldi bir ajoyib bo‘y,

Bahor bilan qayta yuz ko‘rishdik biz.

Menga orom bermas faqat bitta o‘y:

Nega sen kelmading, ey umri aziz?

***

TINCh

Go‘daklikdan to‘lqinlarga tushgandir ishqim,

Bo‘ronlarga dosh bergandir umrim kemasi.

Kim oromni istar ekan, keladi g‘ashim,

Qulog‘imga kuydek yoqar kurashlar sasi.

Umrim bo‘yi hamroh bo‘ldi do‘st hamda raqib,

Hayot – shaxmat, har qadamda duch kelar g‘ayri.

Mayli agar soya kabi etsa ham ta’qib,

Hayot, meni raqibimdan tushirma ayri.

Sur’at ORIPOV.