Munosabat: “Kameralar tez orada yangi hududlarga o‘rnatiladi va ishchi holatga keltiriladi”
Avvalroq saytimizda “Kuzatuv kameralari qanday ishlayapti?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Holat yuzasidan viloyat ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unda ayrim kameralar haqiqatan ham ishlamayotganligi aytilgan.
“2024 yil boshida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlanishini qayd etib borish uchun Samarqand shahrida 17 ta, Samarqand tumanida 8 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Hozirda mazkur kameralarning 4 tasi (Samarqand shahrida 2 ta, tumanda 2 ta) texnik sabablarga ko‘ra o‘chirilgan. Ushbu kameralar tez orada yangi hududlarga o‘rnatiladi va ishchi holatga keltiriladi.
Bugun Samarqandda o‘rnatilgan nazorat kameralari orqali 1 fevral – 21 may kunlari 1004 ta holat qayd etilgan. Hozirda, shundan belgilanmagan joylarga 245 ta holat uchun transport vositalaridan va 200 ga yaqin holat uchun piyoda fuqarolar chiqindi tashlaganligi uchun ularning har biriga 1 million 20 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar rasmiylashtirilgan”, deyiladi boshqarma xabarida.