Kameralar o‘rnatildi, jamoat xavfsizligi ta’minlanyaptimi?

Joriy yilning 3 yanvarida Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.

Ushbu qaror asosida respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilanib, jamoat xavfsizligi konsepsiyasi asosida mas’ul idoralar va muassasalar uchun 2025 yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Xo‘sh, qaror ijrosi yuzasidan viloyatda nima ishlar amalga oshirildi?

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mas’ul idora va tashkilotlar vakillari bilan birgalikda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning 1-chorak uchun “mahalla-tuman-viloyat” darajasida manzilli chora-tadbirlar yo‘l xaritalari barcha shahar va tuman, mahallalar kesimida ishlab chiqilgan.

Unda har bir vazifaning mahalla-tuman darajasida ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlar biriktirilib, ularga aniq sohaviy javobgarlik yuklatilgan.

Biriktirilgan mas’ul rahbarlar tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida mahalla yettiligiga berilgan amaliy va uslubiy yordamlar natijasida 815 ta, ya’ni 72,4 foiz mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan.

Jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida 182822 ta ma’muriy huquqbuzarlik (56489 tasi huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tomonidan) hamda 126333 tasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan 276 nafar shaxs reabilitatsiya qilish markaziga hamda nazoratsiz va qarovsiz qolgan 172 nafar voyaga yetmaganlar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Qayerda, nima o‘rnatildi?

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda haydovchilarning hushyorligini oshirish yo‘l infrastrukturasini yaxshilash maqsadida 61971 metr kvadrat yo‘l chiziqlari chizilib, 4 42 ta yo‘l belgilari, 12 ta svetofor o‘rnatilgan.

Shuningdek, xavfsiz mahalla yaratish bo‘yicha joriy etilgan mahalla yettiligi tizimiga asosan jinoyat sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 42 mingdan ziyod aholining ro‘yxati shakllantirilib, 14 ta yo‘nalish bo‘yicha ajratib olingan.

Profilaktika inspektorlari tomonidan 27522 nafar shaxslar bo‘yicha muammolarini hal etish uchun mahalla yettiligiga xulosalar berilib, amalga oshirilgan ishlar natijasida 8340 nafar aholining muammolari ijobiy hal etilgan.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “Og‘ir toifa”dagi yoshlar bilan 928 marotaba profilaktik tadbirlar olib borilib, 268 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan, 321 nafar yosh ish bilan ta’minlangan hamda 343 nafarining ijtimoiy-maishiy muammolari hal etilgan.

Mahallalarga “Hudud kamera nazoratida!”, “Ob’yekt qo‘riqlovda!” va “Xonadon qo‘riqlovda” kabi 6618 ta stikerlar joylashtirilgan. Shuningdek, 391 ta namunaviy xavfsiz ko‘cha hamda 987 ta namunaviy xavfsiz yo‘lak tashkil etilgan.

Kissavurlik jinoyati sodir etilishining oldini olish maqsadida bozorlarda, savdo komplekslarida, savdo do‘kon va rastalarida 364 ta texnik vositalar o‘rnatildi. 31 ta jamoat transporti videokuzatuv vositalari bilan, 20 tasi esa (SOS) tashvish tugmasi bilan jihozlangan.

Hayvon o‘g‘irligi jinoyatlarining oldini olish maqsadida 28 ta molbozor va 16 ta kushxonada videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi.

Mahallalardagi aholi gavjum joy va ko‘chalarga 3080 ta videokuzatuv kameralari qo‘yildi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 158 ta, mahallalarning kirish va chiqish joylarida yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi 858 kamera o‘rnatilgan.

Natija qanday?

Hududlarda mahalla yettiligi vakillari hamda jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida barcha sohalar bo‘yicha qayd qilingan jinoyatlar soni 100 ming aholiga nisbatan viloyat bo‘yicha 50,1 tani tashkil etib, respublikada ijobiyligi jihatidan 6-o‘rinda qayd etildi.

Umumiy sodir etilgan jinoyatlar 23,9 foizi, ya’ni 520 tasi ichki ishlar organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida aniqlandi.

Achinarli tomoni, o‘tkazilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlariga qaramasdan, fuqarolarimiz tomonidan oson yo‘l bilan pul topish, tezda boyib ketish maqsadida hamda turli xil internet saytlariga kirib, o‘zi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish oqibatida 885 tasi umumiy jinoyatlarning 40,8 foizi axborot texnolgiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarni tashkil etdi.

Jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, qo‘shma qaror talablari asosida mahallalarda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni hamda profilaktik tadbirlarni hamkorlikda tashkil etmasdan, hududida jinoyat va huquqbuzarliklar soni oshib ketishiga yo‘l qo‘ygan 32 nafar profilaktika inspektorlari hamda 27 nafar yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining intizomiy javobgarlik masalalari ko‘rib chiqilib, 24 nafar mahalla raisiga, 19 nafar hokim yordamchisiga, 23 nafar xotin-qizlar faoliga, 20 nafar yoshlar yetakchisiga, 15 nafar ijtimoiy xodimga hamda 17 nafar soliq xodimiga nisbatan taqdimnomalar kiritilgan.

Viloyat IIB mas’ullarining aytishicha, “Ye-ijtimoiy profilaktika” tizimi orqali yuborilayotgan xulosalarni o‘z vaqtida ijroga qaratish hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab, qo‘shma xulosalar tuzilishini viloyat darajasidagi yettilik tizim rahbariyati tomonidan kunlik nazorat o‘rnatilishi va nazorat qilib borilishi zarur.

Yoqub MARQAYeV.