YHXBB marhumga nisbatan yozilgan bayonnomaga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqda "Fuqaroning o‘limiga 3 yildan oshgan bo‘lsa-da, unga jarima belgilandi" sarlavhasi ostida tarqalgan xabar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 iyun kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hududida haydovchi, 1954 yilda tug‘ilgan Djalalov Sobirjon o‘ziga tegishli bo‘lgan "Matiz" rusumli, 60 O 510 LA davlat raqam belgili avtomobilda, yo‘l harakati qoidalarining 9-bandida belgilangan talabni buzgan holda, harakat vaqtida xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlangan. Haydovchi tuman IIB YHXB YPX xodimi S.Abdunabiyev tomonidan to‘xtatilgan va unga nisbatan qoidabuzarligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tuman IIB YHXB ma’muriy amaliyot xodimi tomonidan fuqaro S.Djalalovga nisbatan tuzilgan bayonnoma KAAT markazlashgan dasturiga kiritilishi vaqtida ushbu fuqaro bilan ism-familiya va tug‘ilgan yili bir xil bo‘lgan, Samarqand viloyatida yashagan, 1954 yilda tug‘ilgan Djalalov Sobirjonning ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha jazo qo‘llash to‘g‘risidagi jarima qarori chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati Samarqand viloyatida ro‘yxatda turgan, 1954 yilda tug‘ilgan Djalalov Sobirjonga nisbatan chiqarilgan qaror belgilangan tartibda bekor qilinganligini ma’lum qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun uzr so‘ragan.