YHXB rasmiylari harakat xavfsizligi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqladi
Joriy yilning 11 oyida viloyat hududida 954 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilib, 827 nafar shaxs tan jarohati olgan, 305 kishi halok bo‘lgan.
Yo‘l transport hodisalarining 153 tasi bolalar ishtirokida sodir etilgan bo‘lsa, ular oqibatida 123 nafar yosh tan jarohati olgan, 34 nafar bola hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
Mazkur raqamlar viloyat IIB YHXB tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
Albatta, ko‘rsatkich bu daraja bo‘lmasligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham qayd qilindi. Xususan, viloyatda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga bevosita bo‘ysunuvchi yo‘l patrul xizmati bataloni 4 ta yo‘l patrul xizmati otryadlarining inspektorlari 2 smenada xizmat olib bormoqda.
Ular 106 ta (JPRS vositalari orqali nazorat qilib boriladi) xizmat transport vositasi, 314 ta markazlashgan serverga ulangan bodikamera, ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish uchun 285 ta Ye -planshet bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, viloyatda 29 ta onlayn (9 ta ko‘chma avtokon, 20 ta qo‘zg‘almas) fotoradarlardan foydalanilmoqda. Yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlashda inson omilini cheklash uchun shahar-tumanlar markaziy ko‘chalariga o‘rnatilgan onlayn kameralar yordamida 97020 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 26 mlrd. 936 mln. so‘m jarima jazolari tayinlangan.
Ammo bu yetarli bo‘lmayapti Sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining tahliliga ko‘ra, 416 tasi yoki 43,6 foizi piyodalarni urib yuborgan, 328 tasida to‘qnashuv bo‘lgan.
Kelib chiqish sabablari bo‘yicha eng ko‘p yo‘l-transport hodisasi belgilangan tezlikni oshirish (387 tasi yoki 40,5 foizi) va oraliq masofani saqlamaslik (114 tasi)dan ekan.
Shuningdek, 63 ta YTH charchoq tufayli rulda uxlab qolish, 23 tasi chorrahadan o‘tish, 94 tasi yo‘nalishni keskin o‘zgartirish tufayli kelib chiqqan.
Aniq raqamlar shuki...
Joriy yilning o‘tgan 11 oyida viloyat hududidagi avtomobil yo‘llariga 1524 ta yetishmaydigan yo‘l belgilari o‘rnatilib, 1059 ta eskirgan yo‘l belgilari almashtirilgan. Shuningdek, 600 ta yo‘naltiruvchi ustunchalar o‘rnatilgan, 624 ta joyda sun’iy notekisliklar yaratilgan, 24 ta joyda yangi piyodalar o‘tish joyi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, 29 ta joyga svetofor o‘rnatilgan (Ayni paytda viloyatda 253 ta svetofor ob’yekti mavjud).
Bevosita shahar-tuman IIB YHXB boshliqlari hamda otryad komandirlari tomonidan (homiy tashkilotlarni jalb qilgan holda) xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llaridagi 145 ta piyodalar o‘tish joyi hamda 47 ta qayrilib olish joyi yoritilgan.
Xavfsizlikka barcha mas’ul
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 80 ta, shahar-tuman hokimliklariga 30 ta taqdimnoma kiritilgan.
Ammo mas’ullarning barchasi ham bu masalaga birdek e’tibor qaratmayapti. Misol uchun, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgan hamda yo‘llarning qatnov qismida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida vaqtinchalik yo‘l belgilari va to‘siqlar o‘rnatib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun 72 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan MJtKning 147- va 196-moddalariga asosan ma’muriy choralar ko‘rilgan.