Avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi
Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda qo‘pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligi ta’minlanishi shart ekani ta’kidlandi.
Aytilishicha, 2021 yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafar haydovchi esa 50 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan.
Yunusobod tumanida yashovchi haydovchi 2021 yilda 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan (230 million so‘m jarima hisoblangan). Yuqorichirchiq tumanida yashovchi haydovchi 2021 yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir qilib, oxir-oqibat jiddiy avariya sodir etgan.
Davlatimiz rahbari bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.
Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa – 3 ball hisoblanadi.
Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.