Navoiyda "DAN" xodimiga pora taklif qilgan haydovchi pulni yutib yubordi, shifokorlar pulni chiqarib olishgan
Navoiy viloyati “Qarnab” kuzatuv blok postida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan “Qarnab-Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Nexia” avtomashinasi haydovchisi M.A. xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan kelayotganligi sababli to‘xtatilib, hujjatlari tekshirilganda, mashinaning davlat raqami belgisi o‘zgartirilgani aniqlangan.
Natijada YPX xodimi tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirib, mashinani jarima maydoniga olib borgan. Haydovchi esa unga mashinasini qaytarish evaziga 1 million so‘m pora taklif qilgan.
Voqeadan bir kun o‘tgach, fuqaro YPX inspektori bilan uchrashib, unga 100 AQSh dollari tutqazgan. Ammo haydovchi tezkor tadbir ishtirokchilarini payqab qolib, pulni yutib yuborgan.
Tibbiyot xodimlari yordamida haydovchining oshqozonidagi pulni olishga muvaffaq bo‘lishgan. Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat haqida Navoiy viloyati IIB xabar tarqatgan.