Imkoniyatlar maydoni: inklyuziv sport orqali tenglik sari qadam

21 mart – Butunjahon Daun sindromi bor insonlar kuni munosabati bilan Samarqand shahrida inklyuziv sport tadbiri tashkil etildi. Unda bochche bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Daun sindromi va autizmi bor bolalar ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilaridan biri Sevinchbonu Ochilova ikki yildan buyon sport bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning onasi Soadat Irgashevaning ta’kidlashicha, ba’zan mashg‘ulotlarda u o‘zi istagandek harakat qilishga intiladi, biroq murabbiylar uni sabr va mehr bilan to‘g‘ri yo‘naltiradi. Sevinchbonu nafaqat sportda, balki o‘qishda ham faol: u tarixga qiziqadi, mustaqil ravishda ma’lumotlar o‘rganadi va geografiya xaritalarini chiroyli chizadi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, o‘zaro kuch sinashdilar. Sevinchbonu esa sportdagi yutuqlari bilan ham alohida ajralib turadi: u 2025 yilda Farg‘onada o‘tkazilgan para karate musobaqasida Markaziy Osiyo chempioni bo‘lgan. Shuningdek, Toshkentdagi musobaqada O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritib, 2026 yilda Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqaga yo‘llanma olgan.

– Mening maqsadim – oltin medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish, – deydi Sevinchbonu. U mashhur sportchi Diyora Keldiyorova kabi yuqori natijalarga erishishni orzu qiladi.

Tadbir tashkilotchisi “Imon” NNT direktori Zarrux Rahmatov ta’kidlashicha, ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — har bir bola, uning holatidan qat’i nazar, sport bilan shug‘ullanishga haqli ekanini ko‘rsatishdir. Musobaqada Daun sindromi bor ishtirokchilar orasida xalqaro turnirlarda g‘olib bo‘lganlar ham bor.

Yakunda barcha ishtirokchilarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi. Bunday tadbirlar jamiyatda tenglik, qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Munisa ShAMSIYeVA.