27–28 mart kunlari Alaniya shahrida xalqaro “Ultra-Trail” poygasi bo‘lib o‘tadi
Turkiyaning Alaniya shahri shu yilning mart oyi so‘nggi kunlarida yana bir bor xalqaro poyga musobaqasiga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqa O‘rta yer dengizi bilan Toros tog‘larining salqin yonbag‘irlari orasidagi betakror va hayratomuz yo‘nalishlarda o‘tkaziladi.
Alaniya “Ultra-Trail” 2017 yilda ilk bor tashkil etilganidan buyon 34 mamlakatdan 700 dan ortiq sportchini birlashtirgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tog‘-so‘qmoq yugurish musobaqasidir. Bu yilgi musobaqa “An’anadan so‘qmoqqacha” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Tadbir Turkiya turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda Yoshlar va sport vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

An’anadan so‘qmoqqacha
Alaniya “Ultra-Trail” qadimda erkin va matonatli ko‘chmanchi turklar — yoruklar (Yörüklar) foydalanib kelgan ko‘chma yo‘llar bo‘ylab o‘tkaziladi. Ushbu yo‘nalishlar Toros tog‘laridan Kleopatra sohiliga qadar cho‘zilib, tarixiy karvon yo‘llari, asrlar davomida saqlanib kelayotgan Alaniya kemasozlik ustaxonasi, Alaniya qal’asi, baland tog‘ orqali o‘tadi.
Musobaqa bir nechta masofalarni o‘z ichiga oladi. Eng uzuni — 68 kilometrli Alaniya “Ultra-Trail” (AUT) yo‘nalishidir. Bundan tashqari, 42 kilometrli Toros tog‘lari yo‘li (TMT), 27 kilometrli Keykubod tog‘ yugurishi (KMR), 18 kilometrli Kleopatra qisqa so‘qmog‘i (CST) hamda 5 kilometrli Alaniya qal’a yugurishi (ACR) bosqichlari ham mavjud.
Musobaqa Damlatash g‘ori va Kleopatra sohilidan boshlanadi. Yo‘l davomida Tophane, Qizil minora, Alaniya kemasozlik ustaxonasi (Tersane), Esat burji, Bedesten hamda Alaniya qal’asi kabi tarixiy maskanlar orqali o‘tiladi. Shahar ko‘chalaridagi qisqa yugurishdan so‘ng poyga Toros tog‘lari bag‘riga ko‘chadi va yo‘nalish yana Kleopatra sohilidagi marra chizig‘ida yakunlanadi.

Ham poyga, ham sayyohlik
Ta’kidlash o‘rinliki, Antaliyaning sharqiy qismida joylashgan Alaniya shahri takrorlanmas tabiat go‘zalligi, bir necha ming yillik tarixga ega qal’alari hamda jo‘shqin hayot tarzi bilan sayyohlarni o‘ziga rom qiladigan jonli sohil maskani hisoblanadi.
Alaniya o‘zining o‘xshashi yo‘q tabiiy go‘zalliklari bilan ham ajralib turadi. Bu yerda Injequm va Kleopatra sohili kabi Moviy bayroq mukofotiga sazovor bo‘lgan sohillar, shuningdek Sapadere darasi, Dim va Damlatash g‘ori, Dereko‘y yaylasi kabi maftunkor tabiiy maskanlar mavjud.

Shuningdek, Alaniyaning jo‘shqin tungi hayoti alohida e’tiborga loyiq. Jonli barlar va musiqa maskanlari tufayli quyosh botganidan keyin ham shahar hayoti davom etadi va uning betakror energiyasi tun bo‘yi saqlanib qoladi.
Zilola tayyorladi.