Xatayliklar Samarqandni ziyorat qildi

Yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish va Navro‘z bayrami tantanalarida qatnashish uchun qardosh Turkiya Respublikasining Xatay viloyatidan tashrif buyurgan mehmonlar bugun Samarqandga keldi.

Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida Xatay viloyatining Arsuz tumanida “O‘zbekiston” turar-joy majmuasining ochilish marosimida turkiyalik qardoshlarni, xususan, Xatay aholisi vakillarini yurtimizga sayohat va Navro‘z bayramiga taklif etgan edi. 

Ana shu taklif asosida yurtimizga kelgan va dastlab Andijonda mehmon bo‘lgan Xatay viloyati vakillari bugun Samarqand xalqaro aeroportida xalqimizga xos mehmonnavozlik bilan kutib olindi.

Xatayliklar Samarqand shahridagi Navro‘z tantanalarida ishtirok etdi. Bayram munosabati bilan Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida tashkil etilgan sayilda milliy an’ana va qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodi va folklor san’ati, milliy taomlar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari va qadimiy xalq o‘yinlarini tomosha qildi.

Samarqandga sayohat davomida xatayliklar viloyatimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarda ham bo‘ladi.