G‘afforlig‘ uning fazilati edi
Hazrat Alisher Navoiy misralaridagi Allohning ismlaridan biri bo‘lgan “G‘affor” - shavkatli, kechirimli ma’nolarini beradi. Ismlar farzandlarga Yaratganning xohishi bilan qo‘yiladimi yoki qo‘yilgan ism keyinchalik insonning taqdirini belgilaydimi? Buni bilmadimu, ammo G‘afurjon Mahmudovning otasi Ma’rufiy domla sevimli farzandiga tanlagan bu ism do‘stimizga mos, uzukka ko‘z qo‘yganday yarashib turganligini hammamiz barchamiz sezib turganmiz.
G‘afurjon ismi jismiga monand inson edi. Mehr shafqatli, kechirimli bo‘lish aytishga oson. Aslida, bu ulug‘ fazilatlarning dushmani bo‘lgan jaholat hamisha ularga qarshilik ko‘rsatib, inson shaxsiyatidagi «meni»ni yuzaga chiqarishga harakat qilaveradi. Faqat oqil va kuchli insonlargina uni sabr-bardosh bilan yengadi. Buning uchun kishidan aql-zakovat talab qilinadi. O‘ylab qarasam, do‘stimizda ushbu fazilatlarning barchasi mujassamlashgan ekan.
G‘afurjon g‘oyat xushmuomala, xushlutf, xushtavoze, kamtar va hoksor inson edi. O‘ttiz yildan ortiq o‘zaro do‘stlik, oilaviy bordi-keldilar qilgan bo‘lsak, biron marta jahli chiqqanini eslay olmayman. Fe’limdagi keskinlikka, jizzakilikka chidash oson emas, ammo G‘afurjon chidardi, «qo‘yavering, bularning hammasi o‘tib ketadi», deb qo‘yardi.
U universitetning ilmiy bo‘limida ishlardi. Ishxonamiz yonma-yon edi. Deyarli har kuni ko‘rishardik. Keyinchalik Samarqand davlat universiteti tojik filologiyasi fakultetiga dekanlikka tayinlandi. Fakultet obro‘sini ko‘taradigan, nufuzini oshiradigan katta tashkilotchilik va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirdi, respublikaga tanilishiga hissa qo‘shdi. Tojikistondan taniqli olimlarni, akademiklarni ishga taklif qildi.
Vaqt o‘tib, «Ovozi Samarqand» gazetasi muharrirligiga o‘tdi. Gazetaning o‘quvchilari sonini ko‘paytirdi, salohiyatli shogirdlar tayyorladi. Yurtboshimiz nazariga tushdi, hukumat mukofotlariga sazovor bo‘ldi, deputat sifatida katta minbarlarda xalq manfaatini himoya qildi.
Yaratuvchilik, tashkilotchilik va jamoatchilik ishlaridan ortib, ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullandi. 1999 yilda «Jadid adabiyotida milliy istiqlol mavzusi» monografiyasini nashr ettirdi.
Bir umr ilm-ma’rifat ichida yurgan va undan oziqlangan G‘afurjon Samarqand ziyolilarining yorqin namunasi edi. Akademik Botirxon Valixo‘jayev ham uning halimligi, odamlarga mehribonligi haqida gapirib yurardi. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» deganidek, G‘afurjondagi bu xislatlarni otasi Ma’rufiy domladan yuqqandi. Qolaversa, qaynotasi Nasrulloxon domla ham unning salohiyati yuksalishiga hissa qo‘shdi.
Do‘stim bugun hayot bo‘lganida barchamizga manfaatli ishlarni bajargan bo‘lardi, deya armon qilamiz. O‘zi yaratgan ulkan qo‘rg‘onda soyalashga, ekkan daraxtlarining hosilidan bahramand bo‘lishga ulgurmagani, mashaqqatli mehnatining rohatini ko‘rib-ko‘rmay hayotdan ko‘z yumganiga afsuslanamiz.
G‘afurjon bilan oxirgi suhbatimiz bir yaqinimizning to‘yida bo‘lgandi. Ertaroq kelgan ekanmiz, yaxshigina suhbatlashdik, masalalarimizni o‘zimizcha «hal qildik». Ammo bir oy o‘tmasdan uning bizni tark etishi xayolimga ham kelganmas. Toshkentga borib kelgach, yana uchrashmoqchi edik. Diydor qiyomatga qoldi...
U xalqimiz ma’naviyati yuksalishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. O‘zining fe’li-atvori, xatti-harakati bilan barchamizga o‘rnak bo‘ldi. Kelin bilan solih farzandlar tarbiyaladi. Azizjon, Akbarjon, qizlari ota-onasi tarbiyasini oqlab voyaga yetdi, jamiyatda o‘rnini topdii, izzat-hurmat qozonmoqda.
Do‘stimning ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin!
Suyun KARIMOV,
SamDU professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.