"Zirabuloq paxta tozalash" aksiyadorlik jamiyati ixtiyoriy tugatiladi
"Zirabuloq paxta tozalash" aksiyadorlari 6 may kuni jamiyatni ixtiyoriy tugatish haqida qaror qabul qildi.
Jamiyat Narpay tumanida joylashgan bo‘lib, paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimida «Maroqand Sifat» MChJ bilan bog‘langan korxonalar qatorida ko‘rsatilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlarida korxona ta’sischisi sifatida "Agrobank" qayd etilgan bo‘lib, hozirda uning holati «ixtiyoriy tugatish jarayonida» deb ma’lum qilingan.
Qizig‘i, korxona nomi avvalroq soliq qarzdorligi bilan bog‘liq yangiliklarda qayd etilgan. Masalan, 2019 yilda zavoddan Narpay tumani soliq idorasi foydasiga 3,79 mlrd so‘m, 2020 yilda esa yana 1,3 mlrd so‘m soliq qarzdorligi undirilgan.
2022 yilda jamiyat balansidagi ayrim mol-mulklarning bozor qiymatini aniqlash bo‘yicha baholash tashkilotlari o‘rtasida tanlov ham e’lon qilingan.
Tugatish komissiyasi raisi etib jamiyat bosh direktori O‘tkir Eshmirzayev belgilangan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, u 2022 yilda "Zirabuloq paxta tozalash" AJ ijro organi rahbari etib tayinlangan.
Komissiyaga jamiyat aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan o‘tkazish, kreditorlarni xabardor qilish, mol-mulkni baholash va sotish, hisob-kitoblardan keyin qolgan mol-mulkni aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlash vazifalari topshirilgan.