Parranda naslchiligi yo‘lga qo‘yiladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyatimizni har tomonlama rivojlangan, aholi farovonligi ta’minlangan va iqtisodiy jihatdan barqaror hududga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xususan, ishsizlikni qisqartirish, kambag‘allikni kamaytirish, investitsiyalarni jalb etish va eksport salohiyatini oshirish kabi muhim yo‘nalishlarda viloyat namunaviy bo‘lishi shartligi qat’iy ta’kidlandi.

Davlat rahbari tomonidan hududlarda ishlab chiqarishni kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash orqali iqtisodiy faollikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ular asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligining muhim va istiqbolli tarmoqlaridan biri — parrandachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarda zamonaviy parrandachilik komplekslarini tashkil etish, nasldor parrandalar sonini ko‘paytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim topshiriqlar berildi. Bu esa aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozor barqarorligini mustahkamlash va eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim tomoni, parranda naslchiligi bo‘yicha AQSh, Xitoy, Vengriya va Germaniya davlatlaridan keyingi 5-davlat bo‘lish rejalashtirilyapti. Bunda jo‘ja importi qisqarishi hisobiga naslli jo‘jalarga bo‘lgan taqchillik va xorijga qaramlik yo‘qoladi.

Shu maqsadda Oqdaryoda “Agro-Food-Gastro” AJ tomonidan Niderlandiyadan tuxum yo‘nalishida qiymati 250 milliard so‘mlik parranda naslchilik korxonasi tashkil etiladi.

Natijada yiliga 500 ming bosh naslli jo‘ja yetishtirish va 40 million bosh tovuqdan 12 milliard dona tuxum olish yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, 650 ming bosh naslli jo‘ja eksport qilinadi.

Qo‘shrabotda esa 20 million dollarlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.

Amalga oshiriladigan bu kabi ishlar natijasida barcha toifadagi xo‘jaliklarda go‘sht ishlab chiqarish 357 ming tonnaga (103,2 foiz), tuxum 1,5 milliard donaga yetkaziladi. Parrandachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga erishiladi. Belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi natijasida viloyatimiz mamlakatda namunaviy va ilg‘or hudud sifatida yanada mustahkam o‘rin egallaydi.

Haydar O‘ROQOV,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tadbirkor, O‘zLiDeP faxriylar Kengashi raisi.