Samarqand viloyatining 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida
Xalq deputatlari viloyat Kengashining Qarori
O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida” O‘RQ-1105-son Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025 yil
20 oktyabrdagi 02-1515-sonli va Iqtisodiyot va moliya vazirligining
2025 yil 25 dekabrdagi 01/57-1-29239-son xatlarini inobatga olib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq, yigirma to‘rtinchi sessiyasi QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasining “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda Qonun deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq, Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2026 yilgi daromadlari 7 200,0 mlrd. so‘m va xarajatlari 8 903,3 mlrd. so‘mga ma’lumot uchun qabul qilinganligi hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar
1 703,3 mlrd. so‘m miqdorida, shundan aksiz solig‘i tushumlari hisobidan ajratiladigan transfertlar 406,9 mlrd. so‘m miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Samarqand viloyatining viloyat byudjeti daromadlarining 2026 yil uchun asosiy prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga;
Samarqand viloyatning viloyat byudjetidan 2026 yilda hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga;
2026 yil uchun viloyat, tumanlar va shaharlar mahalliy byudjetlariga umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek soliq bo‘lmagan to‘lovlar bo‘yicha belgilanadigan normativlari 3-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan so‘ng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari bo‘yicha viloyatning viloyat byudjeti bilan tumanlar va shaharlar byudjetlarining taqsimotini o‘rnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Samarqand viloyati g‘aznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qo‘yilsin.
4. Tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2026 yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 4-ilovaga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. 2026 yil uchun viloyat byudjet, tumanlar va shaharlar byudjetlari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori 5-ilovaga muvofiq belgilansin.
6. Viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasi hajmi 2026 yil uchun 47,9 mlrd. so‘m miqdorida belgilansin.
2026 yil uchun Samarqand viloyatining viloyat byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamg‘armalari tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar byudjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablag‘lari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamg‘armalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilishi hamda qo‘shimcha mablag‘larni shakllantirish viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamg‘armalari mablag‘larini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
7. Quyidagilar:
Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar bo‘yicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar
6-ilovaga;
Jismoniy shaxslar bo‘yicha (dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 kv.m uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
Noturar ko‘chmas mulk ob’yektlarining mol-mulk solig‘i bo‘yicha 1 kv.m maydon uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsiyentlar 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (Sh.Bo‘ronov), viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat soliq boshqarmasi (F.Boboyev), tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda
2026 yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida va samarali bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
9. Tumanlar va shaharlar hokimliklari, hududiy byudjet mablag‘lari taqsimlovchilar 2026 yil uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va mas’uliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy byudjetlarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq tushumini ta’minlash hamda byudjet daromadlar bazasini oshirish va qo‘shimcha manbalarni aniqlash zarurligiga alohida e’tibor qaratsin.
10. Viloyat soliq boshqarmasi (F.Boboyev) hududiy soliq organlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
- soliqlarning to‘liq va to‘g‘ri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni o‘z vaqtida byudjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini o‘rnatish;
- yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari bo‘yicha doimiy tahlillar o‘tkazgan holda, soliqlarni to‘liq hisoblanishini ta’minlash hamda ushbu soliq to‘lovlari bo‘yicha soliq qarzdorligiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
- aylanmadan soliq turi bo‘yicha soliq to‘lovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida to‘liq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini o‘rnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish;
- yer va mol-mulk solig‘ining soliq bazasini oshirish, ya’ni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
11. Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi (B.Haydarov), viloyat soliq boshqarmasi (F.Boboyev) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud soliq qarzdorliklarini byudjetga undirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi bo‘yicha barcha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi yuklatilsin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi (A.Egamov), O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i (A.Yangiboyev) bilan birgalikda:
- bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini aniqlash bo‘yicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
- xatlov natijalariga ko‘ra viloyatda mavjud bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlari ro‘yxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
13. “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (F.Rajabov) va viloyat soliq boshqarmasi (F.Boboyev) tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda viloyatda sug‘orishga sarflanayotgan suv hajmlarini aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur iste’mol hajmlari bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to‘liq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy byudjetlarga to‘liq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan iste’mol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar bo‘yicha hisoblanayotgan suv soliqlari bo‘yicha doimiy tahlillar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin.
14. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi (T.Aripov), Adliya boshqarmasi (S.Sattorov) viloyatda byudjetga hisoblangan boj, jarima va yig‘imlarni o‘z vaqtida to‘liq byudjetga undirish choralarini ko‘rib borsinlar.
15. Xalq deputatlari hududiy Kengashlar hamda tuman (shahar) hokimlari O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksining
27 va 28-moddalarida belgilangan byudjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlar to‘liq va o‘z vaqtida tushishi hamda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
16. Hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni to‘liq rejalashtirilishi va o‘z vaqtida to‘lanishi;
- o‘zlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining to‘g‘ri tuzilishi;
- byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning to‘liq bajarilishi;
- tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlanishi;
- o‘z tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
- byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma’lumotlarni joylashtirib borilishini ta’minlasinlar.
17. Raqobatni rivojlanlantirish va iste’molchilar huquqini himoya qilish viloyat hududiy boshqarmasi (B.Toyirov) tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tashqi reklama ob’yektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazgan holda, ushbu tashqi reklama ob’yektlari bo‘yicha shartnomalar tuzish choralarini ko‘rsin hamda ushbu shartnomalar bo‘yicha yig‘imlarni byudjetga to‘lanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi (Sh.Boboqulov) byudjetdan ajratilgan mablag‘larni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida axborot berib borish vazifalari yuklatilsin.
19. Viloyat hokimligi axborot xizmati – matbuot kotibi (M.Ixtiyorov), Samarqand telekanali (D.Ismatov), “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati (F.Toshev), “Ovozi Samarqand” gazetasi (B.Rahmonov) ommaviy axborot vositalari orqali qonunda belgilangan ayrim soliqlar va to‘lov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa ma’lumotlarni e’lon qilinishi hamda hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
20. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
21. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (M.Po‘latov) hamda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (Sh.Bo‘ronov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi Sh.Negmatov
2025 yil 30 dekabr
№ VII-24-191-7-0-K/25