Ishsiz yoshlarga “Labo” avtomashinalari topshirildi

Viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, "Aloqabank" viloyat boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida Samarqand viloyatida ishsiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi loyiha amalga oshirildi.

Mazkur tashabbus doirasida 50 nafar samarqandlik yoshga “Labo” rusumidagi avtomashinalar topshirildi.

Loyihadan maqsad ishsiz yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning o‘zini o‘zi band qilishiga sharoit yaratish va daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishdan iborat.

- 2021 yilda “B” toifali haydovchilik guvohnomasini olganman, - deydi Jomboy tumani Naymantepa mahallasida yashovchi Mohira Safarova. - Pedagogika kollejini tamomlaganman. Ammo ishsiz edim. Ushbu loyiha doirasida boshlang‘ich to‘lovsiz, 7 yil muddatga, yillik 18 foizli kredit asosida “Labo” avtomobilini oldim. Avtomobilning umumiy qiymati 96 million so‘mni tashkil etadi. Asosan yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanishni rejalashtirganman. Bu orqali o‘z mehnatim bilan daromad topib, oilamga va jamiyatga foyda keltirmoqchiman. Biz, yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar katta rag‘bat bo‘lyapti.

Mazkur loyiha ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ularni mehnatga undash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mohira Safarova kabi tashabbuskor yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z kelajagini mustaqil ravishda barpo etmoqda. Bunday amaliy yordamlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev ishtirok etdi.