Yadroviy apokalipsis xavfi: sun’iy intellekt nazoratdan chiqishi mumkin
Sun’iy intellekt (SI) rivoji yadroviy xavfsizlikka jiddiy zarba berishi mumkin, deya ogohlantiradi Foreign Affairs.
Mutaxassislar fikricha, eng katta xatar — yadroviy zarba berish haqida qaror qabul qilish huquqini mashinalarga topshirish g‘oyasidir.
AQShda allaqachon oxirgi qaror inson qo‘lida qolishini kafolatlovchi qoidalar joriy etilgan. Xitoy rahbari Si Szinpin ham sun’iy intellektga yadroviy qurolni ishonib topshirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Biroq tahdid ancha oldin paydo bo‘lgan. Bugun SI yadroviy davlatlar rahbarlarini dipfeyklar — soxta, ammo ishonchli audio, foto va videolar orqali chalg‘itish imkoniyatiga ega.
Bunday feyk mavjud bo‘lmagan hujumni “ko‘rsatib”, noto‘g‘ri qaror qabul qilinishiga olib kelishi mumkin. SI urushni qo‘zg‘atishi yoki keng ko‘lamli beqarorlikni yuzaga keltirishi ehtimoli bor. Neyrotarmoqlar rivoji bilan video sifati shunday darajaga yetadiki, uni aslidan ajratish deyarli imkonsiz bo‘ladi.
Yana bir muammo — SI xatolari va “gallyusinatsiyalari”. Agar uni erta ogohlantirish tizimlariga ulashsa, mashina yolg‘on signal berishi mumkin. Yadroviy sohada esa bunday xatoning bahosi millionlab inson hayoti bilan bog‘liq.
G.Xoldorova tayyorladi.