Inson taqdiri va vijdonni mezon qilgan jurnalist
Uni o‘z vaqtida "Reportajlar qirolichasi", deb atashgan. Bu ta’rifni unga mukofot emas, balki adolatga sadoqati va inson taqdiri oldidagi mas’uliyati bergan edi.
Qahramonimiz - Galina Troitskaya uchun jurnalistika, avvalo, inson haqida gapirish edi. Qaysi mavzu bo‘lishidan qat’i nazar, u har doim voqeaning tashqi ko‘rinishiga emas, uning ich-ichida yashiringan dardga quloq tutardi. Rasmiy hisobotlar, chiroyli raqamlar, “hammasi joyida” degan shoshma-shoshar xulosalar unga hech qachon yetarli bo‘lmagan. U albatta joyiga borar, ko‘z bilan ko‘rar, odamlar bilan gaplashar, sukut ortidagi haqiqatni izlardi. Shundan keyingina qalam qog‘ozga tegardi.
Ba’zan barcha “rost” deya ishontirgan holatlarda ham u to‘xtab qolardi. Toki voqelikning har bir qatlamini ochib chiqmaguncha, qalami ham sukut saqlardi. Chunki u uchun yozish — shoshilinch ish emas, vijdon bilan yuzlashish edi. Balki shu bois ham uning har bir maqolasi jamiyatning eng og‘riqli nuqtalariga tegar, o‘quvchini befarq qoldirmasdi.
“U o‘zi haqida gapirishni yoqtirmaydi”, — deb yozadi "Zarafshon" va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Anastasiya Pavlenko “Kasb vijdonga aylansa” nomli ocherkida. — “Jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otgan maqolalari chop etilgan gazetalarni ham, yuzlab faxriy yorliq va tashakkurnomalarni ham asrab o‘tirmaydi. Davlat mukofotlariga intilmaydi. Agar u bir mavzuni chetlab o‘tgan bo‘lsa, demak, o‘ziga xiyonat qilgan; yozgan bo‘lsa, butun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan bo‘ladi”.
Bu satrlarda Galina Troitskayaning nafaqat jurnalist, balki inson sifatidagi qiyofasi mujassam. Shuning uchun ham “Samarkandskiy vestnik” o‘quvchilari uning ismini alohida hurmat bilan tilga olishadi. Gazetani ochib, eng avvalo, uning maqolasini qidiradiganlar talaygina.
Katta jurnalistika yo‘li Samarqanddan ancha uzoqlarda boshlangan edi. “Literaturnaya gazeta”, “Komsomolskaya pravda”, “Pravda” kabi sobiq ittifoq miqyosidagi nashrlarda ishlab, u muxbirlik maktabidan o‘tdi, qalamini charxladi, dunyoqarashini kengaytirdi. Ammo taqdir uni yana Samarqandga — o‘zining haqiqiy ijodiy manziliga qaytardi.
O‘tgan asrning 80-yillarida “Leninskiy put” (hozirgi “Samarkandskiy vestnik”) gazetasi tahririyatida uning ovozi yana jarangladi. Bu yerda u qalamga olmagan mavzu qolmadi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Chekka qishloqlardagi maktablarning ahvoli, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan inson taqdiri, shifoxonada navbat kutayotgan bemor, jamiyatning og‘riqli muammolari — barchasi uning maqolalarida jonli, real, achchiq haqiqat sifatida namoyon bo‘ldi.
— Voqeani emas, uning mohiyatini anglab yozgan jurnalist yutadi, — degandi u 70 yosh arafasida bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvda. — Gazeta jurnalisti uchun ish har doim og‘ir. Chunki biz so‘z bilan ishlaymiz. Har bir so‘z elakdan o‘tishi, har bir fikr vijdon tarozisida tortilishi kerak. Jurnalist xulosa chiqarmaydi — u haqiqatni ko‘rsatadi. Qolgani o‘quvchining hukmiga havola.
Bu so‘zlar bir umrlik tajribaning xulosasi edi. Uchrashuv davomida u hayot yo‘lida duch kelgan to‘siqlar, keskin burilishlar, inson taqdirlari haqida so‘zladi. U yozgan qahramonlar faqat maqolada qolib ketmagan, balki jamiyatning haqiqiy qahramonlariga aylanganini tinglar ekanmiz, jurnalist qalamining qudratini yana bir bor his etdik.
Do‘stlar va hamkasblarning iliq fikrlari, samimiy xotiralari kechaga alohida ruh bag‘ishladi. Taqdim etilgan faxriy yorliq va tashakkurnomalar esa rasmiyatchilik emas, balki butun umrini kasbga bag‘ishlagan insonga bo‘lgan ehtirom ifodasi edi.
Chunki Galina Troitskaya uchun jurnalistika kasb emas — vijdon edi.
Gulruh MO‘MINOVA