Samarqandning 2026 yil uchun byudjeti tasdiqlandi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Sessiyada dastlab viloyatning 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bosh inspektori N.Ikromov, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, viloyat mahalliy byudjetining 2026 yilgi daromadlari 7 trillion 200 milliard so‘m va xarajatlari 8 trillion 903 milliard 300 million so‘m etib belgilangani, respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 1 trillion 703 milliard 300 million so‘m miqdorida, shundan aksiz solig‘i tushumlari hisobidan ajratiladigan transfertlar 406 milliard 9 million so‘m miqdorida tasdiqlanganligi, viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasi hajmi 47 milliard 900 million so‘m miqdorida bo‘lishini qayd etdilar.
Viloyat byudjetidan eng ko‘p mablag‘ oladigan sohalar – maktabgacha va maktab ta’limi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari M.Hamdamov va S.Zayniyev so‘zga chiqib, ajratiladigan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanilishi yuzasidan zarur choralar ko‘rilishini bildirdilar.

Shundan so‘ng viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i F.Boboyev viloyatning 2026 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosati to‘g‘risida hisobot berdi. Boshqarma boshlig‘i mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning kelgusi yil uchun stavkalarini e’lon qilib, deputatlardan ularni tasdiqlab berishni so‘radi.
Sessiyada “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 693 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.

Kun tartibidagi “2026 yilda Samarqand viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi hamda “Samarqand viloyatida “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan drayver loyihalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish va ma’qullash haqida”gi masalalar yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Rashidov axborot berdi.
Deputatlar kelgusi yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining 8 foizga o‘sishini ta’minlash, ishsizlik darajasini 3,2 foizga va kambag‘allik darajasini 2,5 foizga pasaytirishga qaratilgan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqladilar.
Shuningdek, “Zarbdor tajribasi” asosida 2026 yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga turtki beruvchi loyihalar, drayver loyihalar uchun quriladigan infratuzilma ob’yektlarini moliyalashtirishning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.