Yanvar oyi pensiyalari qachon to‘lanadi?

Bugungi kunda pensiya mablag‘lari har oyning 5-sanasiga qadar pensionerlarning bank plastik kartalariga yuklab berilayotgan bo‘lsa, naqd shaklda pensiya oluvchilarga har oyning 4-27 sanasigacha pensiyalari yetkazib berilmoqda.

Ma’lumki, joriy yilning 31 dekabr – 4 yanvar kunlari “Yangi yil” bayrami munosabati bilan yurtimizda barcha fuqarolar uchun dam olish kunlari deb e’lon qilindi. Tabiiyki, hozirda pensionerlarda yanvar oyi pensiyasi qachon beriladi kabi savollar tug‘ilmoqda. Mazkur masala yuzasidan Pensiya jamg‘armasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar har yil uchun tasdiqlanadigan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni bilan ko‘zda tutiladi.

 “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun (https://lex.uz/pdfs/-7949060) bilan Pensiya jamg‘armasining 2026 yil uchun harajatlari tasdiqlanganligini inobatga olib, yanvar oyi plastik kartalari orqali oluvchi fuqarolarning pensiya to‘lovlari 5 yanvardan boshlab yuklanadi.

Shu munosabat bilan, 2026 yilning 5 yanvar kunidan boshlab Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya to‘lovlari uchun mablag‘lar pensiya yetkazib beruvchi tashkilotlarga moliyalashtirib berilishi boshlanadi.

Bunda yanvar oyi pensiya to‘lovlari 2026 yilning 5 yanvar kuni bank plastik kartalarga yuklab berilishi hamda 27 yanvar sanasiga qadar naqd shaklda pensiya oluvchilarga Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan kunlik grafik asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali yoki fuqarolarning yashash manziliga yetkazib beriladi.

Fuqarolar pensiyalar bo‘yicha savollar yuzaga kelgan taqdirda Pensiya jamg‘armasining 1271 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.