OIV infeksiyasi to‘g‘risida tibbiy madaniyatni oshirish zarur

Dunyoda insonning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan turli xil kasalliklar bor. Ammo shunday dardlar borki, uning nomi kasallik keltiradigan zarardan og‘irroq, azobliroq.

Bu dard bilan chalingan insonlar qaysidir ma’noda jamiyatdan uzilib qolganday, o‘zlarini yolg‘iz qolganday his qiladi.

Kasallikdan qo‘rqish emas, undan himoyalanish lozim. Buning uchun OIV infeksiyasini aniqlash uchun o‘ziga yaqin ambulator profilaktika muassasasiga qon tahlili namunasini topshirish kerak. Birinchi marta immunoferment analiz (IFA) usuli orqali tekshiriladi. IFA qon zardobi yoki qon plazmasida OIV antitelalarini aniqlashga asoslangan usul. Immunoferment analiz usuli OIV infeksiyasini aniqlashda taxminiy usul bo‘lib, bunda ko‘p miqdorda antitela aniqlanadi. Boshqa immunitetning og‘ir shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklarda ham IFA tahlili usuli musbat natija berishi mumkin. OIV infeksiyasi yuqqanligini aniqlashda xulosa qilish uchun qayta qon tahlili olinib, immunoblot usulida tekshiriladi. Bu usul OIV infeksiyasini aniqlashda tasdiqlovchi usul hisoblanib, bunda aynan OIV infeksiyasiga xos tanacha aniqlanadi.

Tahlil natijasidan so‘ng OIV infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan OITS markazining mutaxassislari profilaktik va davolash tadbirlarini olib boradi. Har bir OIV infeksiyali shaxslar antiretrovirusga qarshi dori vositalari bilan dovolash kursini boshlaydi. Virusga qarshi deyilgani bilan bu preparat virusni o‘ldirmaydi, balki organizmda virusni ko‘payishini to‘xtatib turadi. Natijada OIV infeksiyali shaxslar virusga qarshi dori vositalarni qabul qilib, sog‘lom odamlardek bemalol hayotini davom ettiradi.

Ammo jamiyatda bu kasallikka nisbatan noto‘g‘ri tushunchaga ega shaxslar ham juda ko‘p uchraganligi sababli ba’zan odamlarga OIV infeksiyasi qo‘l berib ko‘rishganda, idishidan foydalanganda, muloqotda bo‘lganda, havo tomchisi orqali yuqadi, degan noto‘g‘ri fikrda bo‘ladi. Ammo OIV infeksiyasi jinsiy, parenteral, ya’ni qon va vertikal yo‘llar orqali yuqishini hamma insonlar ham bilmaydi. Buning oqibatida OIV infeksiyali shaxslarda alamzadalik holati kuchayishi va  o‘zining statusini sir saqlab, boshqalarga yuqtirish ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin.

Bunday salbiy holatlarning oldini olishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida OIV infeksiyasi to‘g‘risida tibbiy madaniyatni oshirish juda muhim. Shu bilan birga tibbiy xodimlarni OIV infeksiyali shaxslarda kasalni yengish uchun o‘ziga bo‘lgan ishonch oshishiga antiretrovirus dorilarini bir umr qabul qilishda sodiqlikni ta’minlashda ruxiy-psixologik ko‘maklashadi.

OIV infeksiyali shaxslar dori vositalarini o‘z vaqtida tartib bilan ichib yurishi lozim. Bu ularning hayot sifatini yaxshilashga va umrini uzaytirishga yordam beradi.

Zulayho Qurbonova,

Noila Muzrobova,

viloyat OITSga qarshi kurash markazi laboratoriya majmuasi vrach-laborantlari.