DXX: Samarqandda OITSga qarshi kurashish markazi shifokor-laboranti va SamDChTI talabalari ushlandi
DXX viloyat boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tadbir davomida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi shifokor laboranti, 1994 yilda tug‘ilgan S.M. mansabdor tanishlari orqali mahalliy fuqaroga maxsus “sertifikat” olib berishni va’da qilib, 2 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, fuqarolardan tamagirlik orqali pul undirish bilan bog‘liq holatlardan yana biri Samarqand shahrida sodir etildi.
Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari B.X. va X.M. fakultet dekanining yordami bilan 4 nafar kursdoshlarini ingliz, fransuz tillari fanlaridan bo‘ladigan yakuniy davlat attestatsiya imtihonlaridan o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga ularning har biridan 500 AQSh dollaridan, jami 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan va oldindan 500 AQSh dollari olgan.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, B.X fuqaro Sh.L.dan kelishilgan pulning qolgan 1500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida protsessual tartibda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.