Samarqandda “O‘zbekiston - Kanada” birinchi parlamentlararo forumi o‘tkaziladi
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kanada Jamoatlar palatasidagi “Kanada-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Ziyad Abuoltaif bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning qat’iy o‘zaro manfaatdorligi qayd etildi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining 2025 yil 26-27 noyabr kunlari Kanadaga tashrifi hamda Kanada parlamentida O‘zbekiston kunining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yuqori baholandi.

“O‘zbekiston - Kanada” birinchi parlamentlararo forumini 2026 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Kanada delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida savdo-investitsiyaviy hamkorlik, jumladan, muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, toza energetika, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma “O‘zbekiston - Kanada” biznes forumini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini ta’kidladi.