Samarqanddagi 195 ta noqonuniy yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi

Viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasining o‘tgan yilgi faoliyati sarhisobi chog‘ida yil yakuni bilan viloyatda mavjud 2862 ta qurilish ob’yektidan 2207 tasi faol jarayonda, 581 tasi muzlatilgan hamda 74 tasi to‘xtatilgan ob’yektlarni tashkil etishi qayd etildi.

– Inspeksiya tomonidan yil davomida 37408 marotaba nazorat tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 21803 ta yozma ko‘rsatmalar berildi, – deydi Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Akmal Shukurov. –327 ta noqonuniy qurilish holati aniqlanib, 289 tasi bo‘yicha ogohlantirish xatlari va qurilishni to‘xtatish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar taqdim etildi. 195 ta holat yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Ko‘p kvartirali uy-joy fondini nazorat qilish doirasida 1770 ta ko‘p kvartirali uyning texnik holati hamda 1160 ta yerto‘la o‘rganilganda 86 holatda tayanch va to‘siq konstrutsiyalarni buzish holatlari aniqlandi. Shu bilan birga, 31 holatda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularga nisbatan 189,3 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda davlat hisobidan qurilayotgan barcha ob’yektlarda to‘liq, xususiy sektor ob’yektlarida esa bosqichma-bosqich onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilib, hududiy inspeksiya qoshidagi kuzatuv markaziga integratsiya qilinmoqda. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish va saqlash sohasida 13 ta, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish sohasida 12 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat tadbirlarini raqamlashtirish maqsadida “Shaffof Qurilish” platformasida axborot tizimlari ishlab chiqilgan. Bugungi kunda hududlarda faoliyat olib borayotgan barcha inspektorlar yonkamera va “E-ma’muriy ish” axborot tizimida ishlaydigan maxsus planshetlar bilan ta’minlangan.