Zelenskiy Abu-Dabidagi muzokaralarga rozi: Trampni g‘ashiga tegmasa bo‘lgani
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Abu-Dabida o‘tkazilayotgan muzokaralarga rozilik berdi. Financial Times siyosiy sharhlovchisi Gideon Raxman fikricha, bu qaror Kiyevning kuchli tashqi bosim ostida qolgani bilan bog‘liq.
Muallifning ta’kidlashicha, Zelenskiy uchun muhim omillardan biri — AQSh prezidenti Donald Trampni g‘ashiga tegmaslik.
Hozirgi bosqichda muzokaralardagi eng asosiy to‘siq — hududlar masalasi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun hududiy yutuqlar urushdagi “g‘alaba” sharti sifatida ko‘riladi. Ukraina va uning ittifoqchilari esa yerlarni berishda tajovuzni rag‘batlantirish va kelajakda yangi bosqinlarga yo‘l ochish, deb baholamoqda.
Kecha Vladimir Zelenskiy Ukraina tomoni shu hafta Birlashgan Arab Amirliklarida yangi uch tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishini ma’lum qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh, Ukraina va Rossiya vakillari ishtirokidagi Abu-Dabidagi muloqotlar “konstruktiv”, ammo hozircha jiddiy yutuqlarsiz kechmoqda. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish, xavfsizlik kafolatlari va siyosiy kelishuvlar masalasini muhokama qilmoqda, biroq asosiy kelishmovchiliklar saqlanib qolyapti.
Rossiya tomoni, xususan, Donbass ustidan to‘liq nazoratni shart sifatida ilgari surmoqda. Ukraina esa bunday talablarni qat’iy rad etmoqda va hududiy yaxlitlikdan chekinmasligini ta’kidlayapti.
Tahlilchilar fikricha, Abu-Dabidagi muzokaralar hozircha urushni yaqin orada to‘liq tugatishi amrimahol. Biroq ular tomonlar o‘rtasidagi muloqotni saqlab qolish va yangi eskalatsiyaning oldini olish uchun muhim diplomatik maydon sifatida qaralmoqda.