Kelajak kasblari — bugun kasbiy ta’limda
Bugun jahon mehnat bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda kasbiy ta’lim tizimi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — iqtisodiyotning strategik sohalari uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashdan iborat. Shu nuqtai nazardan, kelajak kasblarini kasbiy ta’lim tizimiga bugundan joriy etish dolzarb masalaga aylanmoqda.
Bunday sharoitda kasbiy ta’lim tizimining asosiy vazifasi faqatgina kasb o‘rgatish emas, balki kelajak iqtisodiyoti uchun raqobatbardosh, innovatsion fikrlaydigan va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.
Respublika Prezidentining 2025 yil 23 oktyabrda qabul qilingan PF–190-son Farmonida texnikumlarda amaliy ko‘nikmalarga asoslangan ta’limni joriy etish, ish beruvchilar bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga muvofiq yangilash vazifalari aniq belgilab berilgan. Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda kelajak kasblari bo‘yicha yo‘nalishlar joriy etiladi.
Bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotini kelajak kasblarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, quyosh panellari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, zamonaviy payvandlash texnologiyalari, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt asoslari kabi yo‘nalishlar iqtisodiyotning eng muhim strategik sohalari hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishlar nafaqat texnologik jihatdan ilg‘or, balki mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy xavfsizligi va barqaror rivojlanishi bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu bois, mazkur kasblarni kasbiy ta’lim tizimi orqali rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etadi.
Bugun kasbiy ta’lim tizimida eski, asosan nazariy ta’limga tayangan yondashuvlar mehnat bozori talablariga to‘liq javob bermay qolmoqda. Yangi ish o‘rinlari amaliyotga yo‘naltirilgan, raqamli ko‘nikmalarga ega, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni talab qilmoqda.
Shu sababli iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishi, ilg‘or texnologiyalarning jadal joriy etilishi hamda mehnat bozorida zamonaviy kasbiy kompetensiyalarga bo‘lgan talabning keskin oshishi natijasida kasbiy ta’lim tizimida yangi yondashuvlarni joriy etish davlat siyosati darajasidagi ob’yektiv zaruratga aylandi.
Kelajak kasblarini kasbiy ta’limga joriy etish faqat yangi fan yoki modul qo‘shish bilan cheklanmaydi. Bu avvalo, ustaxona va laboratoriyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, pedagog kadrlarni xorijda malaka oshirish va stajirovkalarga jalb etishni talab qiladi. Shuningdek, ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlik, dual va qo‘shma ta’lim dasturlari orqali o‘quvchilarni xalqaro standartlarga mos tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun yoshlar uchun eng muhim savol shundan iborat: “Qaysi kasb menga ish beradi?” Texnikumlarda kelajak kasblarini joriy etish orqali aynan shu savolga aniq va amaliy javob berishga erishiladi.
Darhaqiqat, elektromobillar sonining ortib borishi ularga texnik xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislarga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Yashil energetika sohasida quyosh panellarini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakali kadrlar har bir hudud uchun dolzarb. Shu bilan birga, zamonaviy payvandlash texnologiyalari nafaqat an’anaviy qurilishda, balki yuqori aniqlikdagi ishlab chiqarish tarmoqlarida ham muhim ahamiyatga ega. Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt esa barcha sohalarga kirib kelayotgan universal ko‘nikma sifatida kelajak mutaxassislari uchun asosiy kasbiy kapitalga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan viloyatimizdagi texnikumlar tomonidan kelajak kasblari bo‘yicha o‘quvchilarni tayyorlashda hamkor korxonalarning haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda buyurtmalar qabul qilish, amaliyot bazalarini shakllantirish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining Xalqaro ta’lim texnologiyalari instituti rahbariyatining viloyatimizga tashrifi doirasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelajak kasblari joriy etiladigan texnikumlarning o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini Xitoyda stajirovka o‘tash masalasida kelishuvlarga erishildi.
Kelajak kasblari — ertaning emas, aynan bugunning talabi. Ularni texnikumlarga tizimli va maqsadli joriy etish orqali butun iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan mustahkam kadrlar zaxirasini yaratish mumkin. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilsa, kasbiy ta’lim mamlakat taraqqiyotining eng muhim drayverlaridan biriga aylanishi shubhasiz.
G‘ayrat NORQULOV,
Samarqand viloyati kasbiy ta’lim
boshqarmasining shu’ba boshlig‘i.