Ekoaksiya: “Bir gumbaz ostidamiz”

Pastdarg‘omlik o‘qituvchi, tarix fani bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi Akmal Hamrayev yurtimizni obod va yashil makonga aylantirish yo‘lida yangi tashabbus bilan chiqdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ilgari surilgan “Bir gumbaz ostidamiz” aksiyasida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadamjolar atrofiga turli daraxt urug‘lari ekilmoqda. Bu esa aksiyaning o‘ziga xos va samarali jihatlaridan biri hisoblanadi.

- Urug‘dan unib chiqqan daraxtning yashovchanligi yuqori bo‘ladi va u o‘sha hudud iqlimiga mos holda o‘sadi, - deydi A.Hamrayev. - Bu tashabbus orqali nafaqat tabiatni asrash va yurtimizni obod qilish, balki aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, tarixiy obidalar, ota-bobolarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni asrab-avaylashni maqsad qilganmiz.

Aksiya dastlab Samarqand viloyatida boshlangan bo‘lib, respublikamizning turli hududlaridagi tarixiy qadamjolar, muqaddas maskanlar atrofida davom ettirilmoqda. Ayni paytda Qashqadaryo viloyatidagi qator qadamjolarda ko‘chat va urug‘ ekish ishlari amalga oshirilib, tarixiy maskanlar obod qilinmoqda. Bu xayrli ishlarda ko‘ngillilar ham faol ishtirok etmoqda.

Yana bir e’tiborli jihati, Akmal Hamrayev daraxt urug‘larini o‘z hisobidan ekyapti.

Xullas, aksiya tabiat va tarix uyg‘unligini ta’minlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ularni keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.