Navro‘z sayli: "Ko‘klamoyim ko‘kingdan ber bir chimdim"

Qo‘shrabot tumanida Navro‘z munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir har yilgidan-da ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Qirqovul qishlog‘ida yashil maysalar bilan qoplangan qir-adirlar bag‘rida bo‘lib o‘tgan sayilda milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz aks etgan ko‘rgazmali chiqishlar, sport musobaqalari, mushoiralar, taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari to‘planganlarga chinakam bahoriy kayfiyat ulashdi. Uloq-ko‘pkari musobaqasi yurtimizning turli viloyatlari, hatto qo‘shni mamlakatlar chavandozlarini bir joyga jamladi.

- Ko‘pkari mard yigitlar o‘yini, - deydi mehnat faxriysi Tilov Omonov. – To‘g‘risi, orada ko‘p yillar bu musobaqa o‘tkazilmay qo‘ygandi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ot sportiga, xususan, ko‘pkariga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu galgi o‘tkazilgan musobaqada turli hududlardan, har xil millat vakillari qatnashgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ko‘pkarida qatnashish istagida kelgan mehmonlar xushmuomalalik bilan kutib olindi, qo‘noqlar tashkil qilindi. 

Bayram tadbiri doirasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning 20 nafar  farzandi uchun xatna to‘ylari o‘tkazildi, ularga sovg‘alar ulashildi.

***

Navro‘z Nurobod tumanida ham keng nishonlandi.

Tuman markazidagi «Mehnat» o‘yingohida o‘tkazilgan bayram tadbirida milliy taom ko‘rgazmasi, xalq o‘yinlari, baxshilar va folklor jamoalarining chiqishlari namoyish etildi.

- Bugungi kunda yosh avlod ko‘proq telefondagi o‘yinlarga qiziqadi, - deydi Lutfiya Safarova. – Happak, makmak, chillak, podato‘p va boshqa shu kabi qadimiy o‘yinlarimiz deyarli unutilib ketyapti. Bu o‘yinlarda ishtirok etgan kishi ham ruhan, ham jismonan kuch oladi. Ularning inson salomatligi uchun ahamiyati katta. Navro‘z bayrami shu kabi foydali o‘yinlarni avloddan avlodga meros qoldirish uchun xizmat qiladigan qutlug‘ bayram.

Yangilanish va yasharish bayrami - Navro‘z tantanalari viloyatimizning boshqa hududlarida ham ko‘tarinki kayfiyatda davom etyapti.

To‘lqin SIDDIQOV.