Navro‘z payshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, ne’matlar mo‘l, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi
Bugun yurtimizda bayram - tabiat uyg‘onib, Navro‘zi olam kirib keldi.
Ming yillar davomida ma’naviy hayotimizning ko‘rku ziynati bo‘lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bag‘ishlamoqda.
Navro‘z qadim va boqiy bayram. Xususan, Navro‘z haqida «Avesto»da shunday bitiklar bor: «Zardo‘shtiylar e’tiqodiga ko‘ra, ko‘klam giyohlari unib, daraxtlar kurtak ota boshlagach o‘sha atrofdagi qora kuchlar mahf bo‘lgan».
Ta’kidlash joiz, Abu Rayhon Beruniy Navro‘z tarixi borasida Sosoniylar (226-650) davlati davridagi ajoyib bayram tantanalaridan rivoyatlar so‘ylaydi. U yilning ayrilishini ilmiy asosda isbotlab bergan olimlardan sanaladi. Alisher Navoiy kun bilan tenglashgan (Quyosh taqvimi bilan 21 mart) pallani shunday izohlaydi:
Yuz ochib bildirdi qad birla sochi teng erkanin,
Zohir o‘lg‘ondek tunu kun tengligi Navro‘zdin.
Navro‘z XI asrda sharq astronom munajjimlari ishlab chiqqan va amalga kiritgan 365 kunlik quyosh kalendari bo‘yicha kiradigan yangi yilning bir kuni sifatida (bu ham 21 martdan) bayram qilinadi. Bu taqvim Malik shoh (hukmronligi 1072-1097 yillar) davrida kiritilgan. Uning oylari yulduz turkumlari nomi bilan atalgani uchun “burjiy” (ya’ni, yulduz turkumlari – arabcha burj yoki hozirgi astronomik) kalendar deb nomlangan. Qadimda Navro‘z bir hafta, aniqrog‘i, olti kun bayram qilingan.
Umar Xayyom «Navro‘znoma» asarida shunday deydi: «Qachonki, Hamal qoshidan o‘z aylanish davri bo‘ylab yo‘lga chiqqan oftobni osmon yana uyiga qaytarib keltirsa, uning boshqatdan falak sayriga chiqishdan boshlab olamni o‘zgartirib yuboradigan yangi tarix boshlanadi».
Buyuk alloma Hakim at-Termiziyning “Navro‘znoma” asarida Navro‘z haftaning qaysi kunida kelishiga ko‘ra, uning birorta sayyoraga taalluqli ekani, yilning qanday kechishini, dehqonchilik, savdo-sotiq hamda boshqa sohalarda tabiat va zamonning avzoyi aytib o‘tilgan. Masalan, dushanba kuni kelsa, oyga taalluqli bo‘lishi va yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, noz-ne’matlarga boy yil bo‘lishi, seshanba kelsa, Mirrix (Mars)ga tegishli bo‘lishi, chorshanba nishonlansa, Atorud (Merkuriy)ga qarashli bo‘lib, rohatchilik bo‘lishi, payshanbaga to‘g‘ri kelsa, Mushtariy (Yupiter)ga taalluqli bo‘lib, aksariyat joylarda ne’matlar ko‘p, ba’zi joylarda kam bo‘lishi, qor-yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, juma kuni bo‘lsa, Zuhra (Venera)ga daxldor bo‘lib, yil shodlik va farovonlik yili bo‘lishi, shanba kuni kelsa, Zuhal (Saturn)ga taalluqli bo‘lib, yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, kuzgi ekinlarning yaxshi bo‘lishi, qish oxirida qattiq sovuq bo‘lishi, yakshanbada esa quyoshga daxldor bo‘lib, yilning farovon bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.