Navro‘z – shodlik, yomg‘ir – baraka
Qadimdan ota-bobolarimiz Navro‘zni dehqonchilik mavsumining boshlanishi deb bilgan. Shuning uchun Navro‘zni yangi kun, yangi mavsumning boshlanishi sifatida nishonlagan.
Bahorgi yog‘ingarchilik baraka va to‘kinlikdan dalolat beradi. Ko‘p yillardan buyon qishda qorning, bahorda yomg‘irning me’yordan kamligi tufayli donli ekinlar, ayniqsa, lalmi maydonlarda kutilgan hosildorlikka erishish mushkul bo‘layotgandi. Bu yil bahori esa ancha seryog‘in boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kundan buyon yog‘ayotgan yomg‘ir hisobiga 20-40 millimetr, tog‘li va tog‘oldi hududlarda 50-60 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilgan. Bunday yomg‘ir qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Masalan, boshoqli don yetishtirishda yog‘ingarchilik miqdorining ko‘p bo‘lishi o‘simlikka berilgan azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlarning to‘liq o‘zlashtirilishi hamda tuproqda namlik zaxirasi to‘planishiga sharoit yaratadi. Boshoqli don ekinlari hamda lalmikor hududlardagi qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishi rivojlanadi. Tuproqda namlik yetarli va harorat past bo‘lganda, boshoqli don ekinlari qo‘shimcha poya hosil qiladi. Shuningdek, tuproqning haydov qatlami namga to‘yinadi, g‘alla maydonlarining har gektariga bir marta sug‘orish uchun sarflanadigan 750-900 metr kub suv iqtisod qilinadi. Buning hisobiga suv omborlarida yillik iste’mol uchun ko‘proq suv zaxirasi yig‘iladi.
Agar yuqorida aytganimdek, g‘alla maydonlari erta bahorgi azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgan bo‘lsa, o‘simlikning rivoji tezlashadi, ammo ozuqa yetarli bo‘lmagan maydonlarda g‘alla nihollarining rivoji susayadi hamda o‘sishga quvvat yetmaganidan sarg‘ayib ketishi ham kuzatiladi. Bunda g‘alla maydonlarida sariq va qo‘ng‘ir zang kasalligi tarqalishi mumkin. Seryog‘in kelgan yillarda g‘allazorlarda zamburug‘li kasalliklar (sariq va qo‘ng‘ir zang, un shudring, septarioz, ildiz chirish) keng tarqalishi tajribalarda kuzatilgan. Yana erta bahordagi yetarli namlik va nisbatan issiq ob-havo g‘allazorlarda begona o‘tlarning rivojlanishiga olib keladi.
Buning uchun g‘alla maydonlarida sug‘orishni tartibga solish lozim. Agar sug‘orishga e’tiborsizlik qilinadigan bo‘lsa, dala sharoitida namlik yuqori bo‘lib, g‘alla maydonlarida zamburug‘li kasalliklar va turli xil begona o‘tlarning rivojlanishiga imkon yaratiladi.
Tuproqda namlik yuqori bo‘lishi chigit ekiladigan maydonlar uchun juda foydali. Kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda yerda namlik zaxirasi oshib, chigitni tuproqning tabiiy namligida undirib olish imkoni tug‘iladi. Lekin uzluksiz yomg‘ir yog‘ishi bahorgi agrotexnik ishlarni biroz kechiktiradi.
Tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘ir gullash arafasidagi o‘rik, shaftoli, bodom bog‘lari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtirishi mumkin. Qolgan mevali bog‘larimiz hali gullamaydi va ularda zarar kuzatilmaydi.
Foydali tomoni, yangi tashkil etilgan mevali bog‘ va uzumzorlarning namlik hisobiga ildiz tizimi yaxshi rivojlanadi. Ayniqsa, lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bog‘larning yer osti suvlari zaxirasi ta’minlanadi.
Tohir Duvlanov,
viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.