Registonga qaysi kuni kirish bepul?

Samarqandning bebaho durdonasi sanalgan bu ansambl nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etadi. Bugungi kunda majmua tarixiy meros bo‘lishi bilan birga zamonaviy turizm markazi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
2001 yildan buyon YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan majmua xalqaro maydonda o‘zining beqiyos tarixiy va me’moriy qadriyatlari bilan alohida o‘rin egallab kelmoqda.
Xususan, 2024 yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 8,2 millionga yetgani qayd etildi. Ularning salmoqli qismi Samarqandga, xususan Registon maydoniga yo‘l oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda majmua yiliga qariyb bir million sayyohni qabul qilmoqda.
Dunyoning nufuzli nashrlari — National Geographic, Lonely Planet va BBC Registonni Markaziy Osiyodagi eng go‘zal va qadimiy tarixiy majmualardan biri sifatida ta’riflagan. Bu e’tiroflar majmuaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, xalqaro turizm xaritasida uning nufuzini mustahkamlagan.
Bundan tashqari, 2023 yilda Samarqand shahri “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” deb e’tirof etildi. Bu qaror nafaqat butun shahar, balki Registon majmuasining xalqaro miqyosdagi obro‘sini ham sezilarli darajada oshirdi.
- Ispaniya va Italiyadan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga oshdi, - deydi Registon ansambli direktori Honqul Samarov. - Xitoydan ham turistlar oqimi barqaror o‘sib bormoqda. Kuzgi mavsumda esa bahorgi davrga qaraganda Indoneziya va Malayziyadan kelgan sayyohlar soni ancha ko‘paydi.
2025 yil yozida Samarqand delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi davomida “Umra+” loyihasi doirasida Turizm vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishuvlar imzolandi, keng targ‘ibot ishlari olib borildi. Indoneziyalik va o‘zbek aktyorlari tomonidan Al-Buxoriy ziyoratiga bag‘ishlangan spektakl ham tashkil qilindi. Natijada Malayziya va Indoneziyadan charter reyslari orqali ziyorat turizmi oqimi ortdi. Shu bilan birga, Rossiya va Qozog‘istondan ham sayyohlar sonida ijobiy o‘sish qayd etilmoqda.
Majmua rahbarining so‘zlariga ko‘ra, majmuada turistlar uchun bir qator qo‘shimcha qulayliklar joriy etilgan. Har uch madrasa - Ulug‘bek, Sherdor va Tillakorida tarixiy ekspozitsiyalar tashkil qilindi. Bu yerda 15–17-asrlarda madrasalarda qanday ta’lim berilgani va ilmiy faoliyat yuritilgani to‘liq yoritib beriladi. Sayyohlar o‘sha davr muhitini his etishi uchun tirik manekenlardan foydalaniladi. Bundan tashqari, Chorsu galereyasida ham alohida ekspozitsiya ishga tushirilgan.
Bugun Registon ansamblida 12 nafar malakali gid-ekskursovod faoliyat yuritmoqda. Majmua 12 tilda audio-gid xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Odam ko‘pligi sababli ekskursiya paytida shovqin yuzaga kelmasligi uchun sayyohlarga quloqchin tarqatiladi, gid esa faqat o‘z guruhiga eshitiladigan mikrofon orqali ma’lumot beradi. Imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun esa davlat standartlariga mos panduslar o‘rnatilgan.
-Majmuaga bir kunda o‘rtacha 3 500-4 000 nafar mehmon tashrif buyuradi, - deydi Honqul Samarov. - Kirish narxlari xorijiy turistlar uchun 100 ming so‘m, O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming so‘m, maktab o‘quvchilari uchun esa 10 ming so‘m etib belgilangan. Ijtimoiy tashabbus sifatida haftaning seshanba va juma kunlari o‘zbekistonlik fuqarolar uchun kirish bepul qilib qo‘yildi.
Sayyohlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida majmuada qo‘shimcha tadbirlar ham tashkil etilmoqda. Har kuni soat 20:00 dan 21:00 gacha rang-barang yorug‘lik effektlari bilan Samarqand taronalarini mujassam etgan shou namoyish etiladi. Shundan so‘ng 21:00 dan 21:30 gacha zamonaviy 3D-shou tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola qilinadi.
Muhammaddiyor Narinov.