“Registonga teng keladigan yo‘q”: Malayziya nashri Samarqand arxitekturasi haqida

Malayziyaning ommabop "The Sun" gazetasi saytida "Samarqandning ajoyib arxitekturasi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

"O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri Samarqand islom merosini o‘zida aks ettiruvchi qadimiy obidalari bilan mashhur, deb yozilgan maqolada muqaddimasida. Samarqand shahri bir paytlar Amir Temur va Temuriylar saltanatining poytaxti bo‘lgan".

Ta’kidlanishicha, Samarqand XIV asrda Amir Temur davlatining poytaxti bo‘lgan davrda gullab-yashnagan. Oradan qariyb 700 yil o‘tib ham bu mahobatli shahar o‘zining ulug‘vorligi va jozibasi bilan sayyohlarni maftun etishda davom etmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston poytaxti Toshkentdan keyingi ikkinchi yirik shahar Samarqandda ko‘plab firuza yoki moviy rangdagi masjidlar, gumbazlar, madrasalar, maqbara va minoralar mavjud. 2001 yilda Samarqand shahrining tarixiy qismi "Samarqand – madaniyatlar chorrahasi" nomi bilan YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

"Amir Temur davrida barpo etilgan eng go‘zal inshootlardan biri uning nabirasi maqbarasi bo‘lib, mazkur inshoot vaqt o‘tishi bilan Temuriylar sulolasining xilxonasiga aylangan", – deya ma’lum qilgan nashr.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda 3000 dan ortiq masjid, madrasa va minoralar mavjud, ammo Samarqandning muhtasham Registon majmuasiga teng keladigani yo‘q.

Malayziya gazetasi Islom olamining eng ulug‘ inshootlaridan biri hisoblangan ushbu ansamblning markazi Tillaqori madrasasi, chap tomonida Mirzo Ulug‘bek madrasasi, o‘ng tomonida Sherdor madrasasi joylashgani haqidagi ma’lumotlarni o‘z mushtariylari e’tiboriga taqdim qilgan.

"Madrasalar qurilishi turli davrlarda amalga oshirilgan. Ulug‘bek madrasasi Amir Temurning nabirasi hukmdor va buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek tashabbusi 1417-1420 yillarda qurilgan. Oradan ikki asr o‘tib, Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir tomonidan ushbu maydonda yana ikkita bino — Sherdor va Tillaqori madrasalari qad rostlagan. Shu tariqa Registon maydoni yaxlit majmuaga aylandi", – deb yozgan "The Sun".

Manba.