Samarqandlik xonandalar Registon maydonida jonli ijroda konsert berdi
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining “media-reja”siga asosan Registon maydonida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati bo‘linmasi ijodiy jamoasining “Qo‘shig‘imiz sizga armug‘on!”, deb nomlangan jonli ijrodagi konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert dasturida iste’dodli xonandalar tomonidan tayyorlangan maqom, estrada, lirika yo‘nalishlaridagi qo‘shiqlar yangradi.
- Karantin paytida bo‘linmamiz xonandalarining aksariyati uyda ijod qilib, yangi-yangi taronalarni yaratdi, - deydi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari Jahongir Niyozov. – Ijodkor xalq o‘z iste’dodini, qo‘shiqlarini xalqqa namoyish etib, ularning zavqidan ilhom oladi. Bu bizning ikkinchi jonli ijrodagi gala-konsertimiz. Birinchisi “Sog‘inch” deb nomlanib, unda ham xonandalarimizning eng sara kuy-qo‘shiqlari, sozanda va raqs ansambllarimizning betakror ijrolari namoyish etilgandi. Yurtimizda jonli ijrodagi san’atkorlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularni ijodda yuqori marralarni zabt etishga, yangi musiqiy ohanglarning yaralishiga sabab bo‘ladi.
Konsertda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarovning “Samarqand tanovari”, Xushnud Eshto‘xtayevning “Ko‘rgoni keldim sog‘inib”, Jahongir Niyozovning “Samarqandlik sanamlar”, Ozoda Ahmedovaning “Bale, bale”, Doston Doniyorovning "Vatan”, xonanda Muxlisa Ahmadjonovaning “Kuydirma”, Baxtigul Kushanovaning “Kelmaysanmu yorim” hamda bo‘linmaning sozandalar va “Tamanno” raqs ansambllarining kuy-qo‘shiqlari yangradi.
Nasiba Jonto‘rayeva.