Sherdor madrasasida 500 ming dollarlik konservatsiya va restavratsiya ishlari amalga oshiriladi

Loyiha AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan 14-loyiha ekani qayd etilmoqda.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qiladi

Agentlik taqdim etgan loyiha butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olinib, bu yil uchun eng katta, tanlov tarixida esa O‘zbekiston uchun eng yirik summani tashkil etdi. 500 ming dollar miqdordagi mazkur tashabbusni Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik tomondan qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu grant AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlayotgan 14-loyiha bo‘lib, hozirgacha jamg‘arma yordamida umumiy qiymati 1350 ming dollar bo‘lgan xilma-xil loyihalar amalga oshirilgan. Bu galgi yangi loyiha 2023 yilda O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama kelishuvda ko‘zda tutilgan maqsadlarga hamohangdir.

Madaniy meros agentligi IICAS ko‘magida Sherdor madrasasi fasadi konservatsiya va restavratsiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.

- Biz Registon maydonidagi go‘zal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz, - dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik. - Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va O‘zbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qo‘shadi.

- Sherdor madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanyotganligiga yaqqol dadildir, – dedi Agentlik direktori B.Abdukarimov. - Kelgusidagi hamkorligimiz yanada kuchayishiga va bu kabi loyihalarning salmog‘i yanada oshishiga ishonamiz.

2001 yilda AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilib, AQSh Davlat departamenti boshqaradigan Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida madaniy yodgorliklarni, madaniy ob’yektlar va to‘plamlarni hamda an’anaviy madaniy merosni saqlashga doir loyihalarga bevosita grantlar taqdim etadi. 2024 yilgi global grantlar tanloviga 71 mamlakatdan 149 ta madaniy merosni saqlash loyihasi taqdim etildi.