Elektromontyorlar kasb mahoratini ko‘rsatmoqda

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand hududiy filiali maxsus poligonida turkiy tilli davlatlarning taqsimlash tarmoqlari elektromontyorlari o‘rtasida xalqaro kasb mahorati musobaqasi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tatariston respublikalari jamoalari hamda kuzatuvchi maqomida Turkiya va Tojikiston davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Energetika vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, xorijlik jamoalar yetakchilari so‘zga chiqib, musobaqaning ahamiyatiga to‘xtalib, ishtirokchilarga omad tiladi.
– Jamoalar texnik tayyorgarlik, jarohatlangan xodimga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda elektr qurilmasida yuzaga kelgan yong‘inlarni bartaraf etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha besh vazifani bajarishi belgilangan, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi bo‘limi boshlig‘i, musobaqa hakami Sherzod Safarov. – Ya’ni 10 kV tayanchda jarohatlangan shaxsni elektr toki ta’siridan ozod qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, transformator punktlarida, jumladan, KTPs-10/0,4 kV.da yong‘inni o‘chirish, ikki transformatorli TP (GKTP)ning kuch transformatori va 0,4 kV. taqsimlash qurilmasini ta’mirlashga chiqarish kabi shartlarda ishtirokchilarning kasb mahoratlari sinovdan o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar samarqandlik hamkasblari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
– Musobaqaning Samarqanddek tarixiy shaharda o‘tayotganligi bizga manzur bo‘lmoqda, – deydi Chimkent shahri elektr tarmoqlari bosh muhandisi, Qozog‘iston jamoasi mas’uli Serik Turg‘unboyev. – Jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib kelgan va bahslarda o‘z mahoratimizni namoyish etib, yuqori natijaga erishamiz. Ushbu musobaqa xalqaro tajriba asosida xodimlar kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.