Xususiy maktab Konstitutsiyaga zid emas, chunki ular zarurat yo majburiyat emas, tanlov imkoniyati

Ta’lim, ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi barcha davrlarda ham ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib kelgan. Bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bu soha doimiy e’tiborda bo‘lish barobarida unda ko‘plab yangiliklar, islohotlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamovga murojaat qilib ularning ayrimlari haqida bilib oldik.
- Muzaffar Yazdanqulovich, Konstitutsiyamizning 50-moddasida “davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi” belgilangan.
Ayni paytda boshqa hududlar qatori Samarqandda ham xususiy maktablar ko‘payib bormoqda. Tabiiyki, ularda har bir tarbiyalanuvchi uchun muayyan miqdorda oylik to‘lovlar mavjud. Bu esa Bosh qomusimizda belgilangan yuqoridagi normaga zid emasmi?
- Asosiy Qonunimizning 50‑moddasida davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi belgilangan. Shu bilan birga, mazkur moddada davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 9‑moddasida nodavlat ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Yurtimizda bepul umumiy o‘rta ta’lim kafolatlangan va bolalarning davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishiga barcha shart‑sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan bir qatorda, ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatishni xohlaydigan tadbirkorlar uchun ham nodavlat umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ham imkoniyatlar mavjud.
Qayd etish lozim, xususiy ta’lim tashkilotlarining faoliyat yuritishi yuqoridagi konstitutsiyaviy kafolatga zid hisoblanmaydi. Chunki ular davlat tomonidan taqdim etiladigan bepul ta’lim tizimini almashtirmaydi, balki fuqarolar uchun qo‘shimcha tanlov imkoniyatini yaratadi. Ota-onalar yoki qonuniy vakillar o‘z xohishiga ko‘ra farzandi uchun davlat maktabini yoki xususiy maktabni tanlashi mumkin. Bu zarurat emas.
Ya’ni, xususiy maktablarning bo‘lishi Konstitutsiyadagi “bepul umumiy o‘rta ta’lim kafolati”ni buzmaydi, asosiy huquq – bepul ta’lim olish imkoniyati davlat maktablari orqali amalga oshiriladi.
- Umuman, xususiy umumta’lim maktablarida oylik to‘lovlar qaysi mezonlar asosida belgilanadi? Bu jarayonni tuman (shahar) Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari yoki viloyat boshqarmasi nazorat qila oladimi? Xususiy maktablardagi ta’lim sifatini-chi?
- Bugungi kunda Samarqand viloyatida 49 ta xususiy maktab mavjud. Ular qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda viloyat boshqarmasi tomonidan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining faoliyati, ularning belgilangan litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishini nazorat qilish Prezidentimizning 2022 yil 13 sentyabrdagi PQ-374‑son qarorida belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
Qayd etish lozim, xususiy maktablarning to‘lov miqdorlari mustaqil ravishda belgilanadi. Zero, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 31‑moddasi yettinchi bandida nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘qitish ta’lim oluvchi yoxud uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari va nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan, o‘qitish muddatlari, shartlari va to‘lovlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilanadigan shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shu sabab nodavlat ta’lim tashkilotlari ta’lim berish to‘lovlarini mustaqil ravishda, shartnoma asosida belgilaydi.
- “Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarorga ko‘ra, darsliklarni to‘liqsiz to‘plamda ijaraga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ammo ayrim hollarda bu qoida amalda ishlamaydi. Misol uchun, o‘tgan o‘quv yilining o‘rtalariga kelib ham Samarqand shahridagi 81-maktabda darsliklar yetishmasligi ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan.
Joriy yilda bunday holat qaytarilmaydimi?
- Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 28-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 1-bob 2-bandiga asosan “umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilari uchun darsliklar har yili, 2-4 sinflar uchun ikki yilda bir marta va 5-9-sinflar uchun to‘rt yilda bir marta yangilanishi belgilangan.
Mazkur nizomning 4-bob 51-bandiga asosan “Darsliklar yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalardan foydalanish usulidan qat’i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar yoki o‘qituvchilar zararni xuddi shunday darslik yoki o‘quv-metodik qo‘llanma bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini to‘laydi.
Lekin yo‘qotilgan darsliklarning o‘rnini qoplashning imkoniyati mavjud emas.
Shuning uchun umumiy o‘rta ta’limi maktabi rahbariyati tomonidan mazkur darsliklarning nusxalari chop etilib, darsliklar to‘plamlarini to‘liq holatga keltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
- Amaldagi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari uchun yagona majburiy maktab formasini joriy qilish xaqidagi tartib bekor qilingan.
Lekin bu masala har yili ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Siz bu haqda nima deysiz?
- Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qaroriga Hukumatning o‘zini 558-sonli qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni, davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida belgilangan shakllardagi yagona maktab formasi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan. (Izoh: aniq muddati, ya’ni aniq qachon joriy etilishi belgilanmagan).
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 48-moddasida ustav (ta’sis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etish ta’lim oluvchilarning majburiyatlaridan biri etib belgilangan.
Shu bois Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023 yil 31avgustdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 282-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari” to‘g‘risidagi nizomining 15-bandiga muvofiq, ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi taqiqlangan.
Ya’ni, yagona maktab formasi joriy qilinmadi, degani umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari maktabga xohlagan kiyimda borishi mumkinligini bildirmaydi.
- Muzaffar Yazdanqulovich, shu o‘rinda yana bir savol - Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi qaroriga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Jarayon qanday kechmoqda?
- Hozirgi kunda viloyatda jami 5506 nafar xorijiy til o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Shundan 3685 nafari (66,9 foiz)da milliy va xalqaro darajadagi sertifikat mavjud.
Milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlari mavjud bo‘lmagan 1821 nafar o‘qituvchilarni joriy yilning sentabr oyidan tuman (shahar) lar kesimida Samarqand davlat chet tillari institutining professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil qilindi.
Xuddi shunday joriy yilning 28 avgust sanasida Davlat test markazi tomonidan milliy sertifikat uchun test jarayonlari tashkil etildi. Oktyabr oyida chiqishi kutilayotgan test natijalaridan so‘ng viloyatdagi sertifikat olgan o‘qituvchilar soni 83 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
- Mazmunli suhbat uchun rahmat!
- Salomat bo‘ling!
Yo.GADOYeV suhbatlashdi.