Sartepaga istirohat bog‘i kerak!

Bir necha yil oldin xuddi shu mavzuda maqola yozgandim. Hech qanaqa e’tibor, natija bo‘lmadi. Bugungi kunda Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, yana shu mavzuga qaytishni ma’qul ko‘rdim.

Xitoy safarida bo‘lganimizda ko‘p ajoyibotlarni ko‘rganmiz. Ko‘p narsadan ibrat olganmiz. Bir kuni tongda  panjara bilan o‘ralgan istirohat bog‘iga kirdik. Darvozadan kirishda asfaltlangan keng maydon bor ekan. Bu yerda 40-50 nafar chol-kampir, o‘rta yosh erkak-ayollar bor, ular chiroyli safga turib olishgan. Karnaydan sho‘x musiqa yangrayapti. Yig‘ilganlar bir xil tarzda muayyan bir chiroyli raqsga tushyapti. Oldinda bir o‘rgatuvchi ayol o‘ynayapti. Lekin raqs harakatlari yod bo‘lib ketgan shekilli, hamma bir xil, sinxron tarzda raqsga tushyapti. Raqsda jismoniy tarbiya elementlari ko‘pligiga e’tibor berdim. Demak, ham kayfiyatni ko‘taradi, ham fizkultura qildiradi. Ajoyib manzara. Xuddi bir raqs ansamblidek harakatlanishardi. Yuz-ko‘ziga e’tibor bersam, birovning birov bilan ishi yo‘q, hammasi o‘z-o‘zicha o‘ynayapti. Lekin musiqa ohangi bilan hammaning raqsi aniq-tiniq bir xil chiqyapti.

Bog‘da baland daraxtlar ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turibdi. Ular orasidan turli tomonlarga yo‘laklar ketgan. Ana shu yo‘laklarda tumonat odam sayr qilib yuribdi. Bog‘ juda katta, odam ham shunga yarasha. Turli yoshdagi, turli millatli odamlar yakka, juft, to‘da-to‘da bo‘lib ertalabki jismoniy tarbiya tarzida sayr qilib yurishibdi. Birov-birovga xalaqit bergan emas, hamma yaxshi kayfiyatda. Qo‘l ushlashib ohista yurgan kelin-kuyovlar, sportcha tez yurish qilib ketayotgan odamlar, o‘yinchoqlarini sudrab yurgan bolakaylar, ko‘kalamzorda o‘ynayotgan qizchalar... ehhe...

Yo‘laklar bo‘ylab har-har joyda mashq qilish uchun trenajyorlar o‘rnatilgan. U yo‘lakdan sal chetda, o‘tayotganlarga xalaqit bermaydi. Bemalol mashq qilaverasiz. Biroz yursangiz navbatdagisi chiqadi, yana mashq qilasiz. Qurilmalar turli-tuman bo‘lib, tananing hamma a’zolari mashq qilishi e’tiborga olingan, birovi oyoq uchun, birovi qo‘lni, boshqasi yelkani, birovi belni mashq qildiradi. Bog‘ shunchalik katta va kengki, sayr qiluvchilar ham, mashq qilayotganlar ham bir-biriga umuman xalaqit bermaydi. Yo‘lak chetidagi mashq qurilmalari ham bir-biridan ancha uzoq masofada o‘rnatilganki, birovida mashq qilsangiz, ikkinchisiga yetguncha dam olasiz...

Ko‘pchilik bilan mashq qilaman desangiz, bog‘ning o‘rtasidagi maydonchada ham barcha turlardan bir-ikkitadan o‘rnatilgan. Trenajyorlar ommabop bo‘lgani uchun qalin temirlardan, juda baquvvat qilib qurilgan. Ham ochiq havoda turadi, ham uzoq muddat xizmat qiladi. Bog‘ning bir tomoni katta ochiq maydon bo‘lib, bu yerda turli hajmdagi stadionlar joylashtirilgan. Bir guruh yoshlar qiy-chuv qilib futbol, bir guruhi voleybol o‘ynayapti. Qizlar badminton o‘yini bilan mashg‘ul. Uch-to‘rtta bolakay bir chetda bir-biriga to‘p tepayapti.

Istirohat bog‘ida bir soatdan ko‘proq aylandik, telefonimni olib kelmagan ekanman, suratga tushirolmadim. Bog‘ning kun botish tomonida yo‘laklar oralariga suv havzalari joylashtirilgan yoki suvlik oralab yo‘lak qilingan. Bu hudud judayam tinch, suv yoqalab, sokinlikda sayr qiluvchilar uchun ekan.

Ochig‘i, shahar xalqining bu darajada harakatchanligi, jismoniy tarbiyaga e’tibori tahsinga loyiq. Undan ham bir qarich yer falon pul turadigan Xitoyda istirohat bog‘iga shunchalik katta maydon ajratilgani, shuncha sharoitlar yaratilgani meni hayratga soldi.

Moskvaday katta va qimmat shaharda ham har bir hududning o‘z istirohat bog‘lari bor. Hatto shahar o‘rtasida ham bir necha o‘n gektarlab o‘rmonlar atrofi ihotalanib, tabiiy holda saqlab qolingan. Hech kim bu yerga har tomondan do‘konchalar qurib, suqilib kirmaydi.

Afsuski, biz bu masalada maqtanolmaymiz. Samarqand shahrida istirohat bog‘i juda kam. Bori ham kunduzi ko‘rinadigan to‘rt-beshta talabani aytmasa, huvillab yotibdi. Tonggi Samarqandni aylanib ko‘ring, necha foiz aholi sport bilan, hech bo‘lmasa tonggi sayr bilan mashg‘ul?

Stadionlarda besh-o‘ntadan odam, ko‘chalarda yakkam-dukkam yugurib yurganlar barmoq bilan sanarli. Lekin shahrimizda ro‘yxatda bor-yo‘qlarni qo‘shganda salkam yarim million nafardan ziyod odam yashaydi!

 Chunki, birinchidan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilolmayapmiz, ikkinchidan, sharoit yo‘q. Bir ko‘z oldimizga keltiraylik-chi, qayerda dam olish va sport uyg‘unlashtirilgan istirohat bog‘i bor?

Shahrimiz markazidagi katta istirohat bog‘idan faqat kunduzi yo‘l-yo‘lakay o‘tamiz. Hech kim ataylab shu boqqa dam olaman, deb bormasa kerak, chunki o‘rindiqlardan boshqa qiziqtiradigan narsa yo‘q. Temiryo‘l vokzali yaqinidagi istirohat bog‘i bolalarning sevimli maskani, attraksionlar bilan to‘lib-toshgan. Bu yerda ham aholining ertalab sayr qilishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yo‘q. So‘g‘diyona parki ham juda maqtagulik emas, buning ustiga bo‘linib-bo‘linib ketdi. “Vatanparvar” bog‘ida katta istirohat bog‘i qurilayotganini eshitib xursand bo‘ldik. Sobiq harbiy gospital hududi ham istirohat bog‘i bo‘layotgan ekan, tahsinga loyiq.  

Keling, shu aholining dam olish va sport bilan shug‘ullanishi uchun mavjud imkoniyatlarni Samarqand shahar Sartepa maskani misolida tahlil qilib ko‘raylik.

Bir necha yil oldin Sartepa bozorchasi yaqinida mo‘’jazgina istirohat bog‘i bor edi, asta-sekin gavjumlashib borayotgandi. Ikki-uchta attraksionlar qurildi, muzqaymoq, salqin ichimliklar, turli o‘yinchoq sotuvchi do‘konchalar paydo bo‘ldi. Ko‘chma sirklar, dorbozlar ham shu yerga joylashib tomosha ko‘rsatardi. Odamlar kechqurunlari bolalarini yetaklab kelardi, bu yer gavjum, hamma uchun qiziqarli maskanga aylanardi.

Tramvay yo‘li qurilishi bilan shu bog‘ning bir qismi temiryo‘lga berildi, qolgani egali bo‘lib ketdi. Bir yig‘ilishda shahar hokimiga “Sartepa juda ko‘p aholi yashaydigan maskan. Yana kundan-kun yangi xonadonlar qurilib, aholi soni keskin oshib boryapti. Lekin istirohat bog‘i yo‘q. Kichik istirohat bog‘i bor edi, buzilib ketdi, endi biror joyda quriladimi?”, deb savol berganimda “Sartepa maskanida istirohat bog‘i bo‘lgan emas, qurilishi ham hali rejada yo‘q. Siz aytgan joy istirohat bog‘i emas, shunchaki kichik bog‘ edi” deb javob berdi. Demak, shaharning eng ko‘p aholisi yashayotgan bu maskanda istirohat bog‘i yo‘q, yaqin yillardagi rejada ham ko‘zda tutilmagan ekan.

“Dom”larning oldidagi kichikkina o‘yin maydonchalarini aytmasa bolalar dam olishi, o‘ynab yurishi uchun umuman sharoit yo‘q. Bu maydonchalar ham avtomashinalarga to‘lib ketadi. Avtomashinani ham qayergadir qo‘yish kerak-ku. Maxsus joylar, qavatli garajlar bo‘lmasa. Qolaversa, ayni paytda qurilayotgan, zamonaviy va barcha talablarga javob beradi, deya ta’riflanayotgan yangi ko‘p qavatli uylarning oldida bolalar maydonchasi qurilmayapti ham.  

Sartepa maskanida beshta zamonaviy minifutbol maydonchasi bor, lekin hammasi tadbirkorlarga tegishli, pullik. Katta sport majmuasi bor, shuning yugurish yo‘lagida aylanib yurish mumkin, xolos. Futbol maydoniga, chimli hududga qadam bossangiz qorovul baqir-chaqir qilib, quvib qoladi. Bu albatta, ertalabdan asabingizga tegadi. Bir necha bolalar ertalab to‘p bilan kelishadi, qorovul ularni maydonga yaqinlashtirmaydi. Bir necha marta qorovul bilan tortishib qoldik, befoyda. Bir badjahl, badqovoq odamni ishga olishganki, unga gapirish befoyda. Bir kuni velosiped minib yurgan qizaloq chimni bosganini ko‘rib shunaqa to‘polon qildiki, qizchaga shunaqa qo‘pol baqirdiki... Endi u qiz nafaqat bu stadionga, balki umuman sportga yaqinlashmasa kerak.

Savol tug‘iladi? Bu stadion nima uchun va kimlar uchun qurilgan? Xo‘p, sportchi bolalar mashq qilishi uchundir. Lekin tongda kelgan hudud aholisi, ayniqsa bolalarga ham ruxsat berilsa, chimlari “yeyilib” ketadimi? Ular ham o‘zimizning farzandlarimiz-ku. To‘da-to‘da bolalar, o‘smirlar keladi, bir-ikki marta yugurish yo‘lagida aylanadi, keyin to‘pni qo‘ltiqlab gurung qilib o‘tirishadi va noiloj ketishadi. Shu holda ularni sportga qiziqtirib bo‘ladimi?

Umuman olganda, Sartepa maskanida aholining sport bilan shug‘ullanishga, ertalabki badantarbiya qilish uchun joy ham, sharoit ham yo‘q. To‘g‘ri, sport yo‘laklari qurildi. Buning uchun rahmat.

Sartepa maskanining janub (ilgarigi 10-mehribonlik uyi) tomonida katta-katta bo‘sh maydonlar bor edi. Ana shu yerlarda yaxshigina istirohat bog‘i qurish mumkin edi. Afsus, ular ham “egali” bo‘lib ketdi, kimlargadir berib yuborildi.

Hali ham kech emas, 10-mehribonlik uyining stadioni joylashgan soylik bor. Bu yer qachonlardir soy o‘zani bo‘lgan. Hozir ikki tomoni ham yopilib ketgan. Katta-kichik tepaliklarning tuprog‘i ham g‘isht qilib sotib yuborildi. Bu yerlar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan, aholi tomonidan noqonuniy egallab, yer ochib olingan katta maydon, sayxonlik. Bu yerni ham to‘rt tomondan asta-sekin egallab kelishyapti. Shu joyda yaxshigina istirohat bog‘i qurish mumkin. Lekin uni ham birovga sotib yuborishmagan bo‘lsa? Yoki endi sotishmasa?

Har kuni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ijtimoiy roliklar berilyapti. Xo‘p, shunga amal qilib Sartepa maskanining deylik bor-yo‘g‘i 10 foiz aholisi tonggi sayrga, badantarbiyaga chiqsa qayerga boradi, qayerga sig‘adi? Kechki oilaviy dam olish uchun qayerga borishsin?

Viloyat hokimining sayyor qabullarida ham hech kim shu masalani ko‘tarmadi. Har kim o‘zining maishiy dardi bilan ovora. Shaharning umumiy muammolarini ham o‘ylash vaqti kelmadimikan?!

Sadriddin Nabiyev.