Samarqandda Italiya davlati bilan oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilinadi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Italiyaning Tushia universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Unda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma kampusning faoliyati va istiqbollari muhokama etildi.
Mazkur qo‘shma kampus g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Italiya Bosh vazirining 2025 yil 28–29 may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilgari surilib, ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan, ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishi sifatida belgilangan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida rasmiy kelishuv imzolandi va bugun ushbu tashabbus amaliyotga joriy etilmoqda.
Uchrashuvda qayd etilganidek, tomonlar o‘rtasida ikki bakalavriat va ikki magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi va bu bo‘yicha shartnoma ham imzolangan. Jumladan, bakalavriat bosqichida agronomiya, oziq-ovqat fanlari va texnologiyasi yo‘nalishlari, magistratura bosqichida organik dehqonchilik yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirildi.
Viloyat rahbari qo‘shma dasturlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgani muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Agrar sohada Yevropa tajribasini o‘rganish va hamkorlikda ishlash juda muhim, tabiiy mahsulotlar yetishtirish, undan mahsulotlar tayyorlash, eksportga chiqarishda qo‘shma dastur muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, - dedi Adiz Boboyev.
Italiyaning Tushia universiteti rahbariyati talabalar ta’lim jarayonida ikki davlatdagi oliy ta’lim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishlari, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatgach, O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadigan ikki tomonlama diplomga ega bo‘lishlari ko‘zda tutilgani xususida to‘xtalib o‘tdi. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar ta’lim dasturining samaradorligini oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va o‘quv jarayonini zamonaviy raqamli platformalar asosida tashkil etishga doir tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.