Navro‘z tarixi haqida nimalarni bilamiz?
Navro‘z bayramining ildizi ibtidoiy tuzum odamlarining dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o‘tkazgan ko‘klamgi urf-odat, an’analariga borib taqaladi.
Olimlar fikriga ko‘ra, uning shakllanishi zardushtiylik dinining paydo bo‘lishigacha davom etgan davrni o‘z ichiga olib, Xitoydan O‘rta dengizgacha bo‘lgan hududlarda yashovchi xalqlarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. O‘sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to‘xtatilgan, gina-kuduratlar kechirib yuborilgan.
Eng qadimgi yozma manbalardan biri – zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ga ko‘ra, bahor qaytishi yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasini anglatgan. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar zardo‘shtiylarning e’tiqodida Navro‘z bayrami muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatdi. Xususan, Samarqanddagi Kofirqal’a yodgorligidan zardo‘shtiylarning hosildorlik va suv ilohi hisoblangan Nana aks etgan yog‘och pannoning topilishi fikrimiz dalilidir. Arxeolog olim A.Berdimurodovning ta’kidlashicha, yog‘och panno So‘g‘d hukmdorlarining shahar tashqarisidagi saroyida joylashgan bo‘lib, u joylashgan xona diniy va dunyoviy marosimlarni, jumladan, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlash uchun xizmat qilgan.
A.Firdavsiyniig “Shohnoma”sida Navro‘z bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o‘rgatadi, temir eritib qurol yasaydi, ip yigirib kiyim to‘qiydi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Nihoyat, ishlari gurkirab meva berganda, taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Ushbu afsonaga ko‘ra xuddi shu kundan boshlab Navro‘z nishonlangan. Bayram haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarida ham uchraydi. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida Navro‘zga oid ma’lumotlar keltirilgan. Tarixchi olim Abu Bakr Narshaxiy (899- 959) o‘zining “Buxoro tarixi” asarida Navro‘z kuni Siyovush qabri boshida odamlar jonliq so‘yishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tganini yozgan.
Temuriylar davrida Navro‘z eng ulug‘ va eng aziz, insonlarga cheksiz quvonch ulashuvchi bayram sifatida nishonlangan. Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z”, deb bejiz bu kunni alohida yod etmagan.
Bahor va mehnat bayramining paydo bo‘lishi haqidagi tarixiy ma’lumotlar davrlar o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchrab, shu kunlargacha yetib kelgan. Barcha qadimgi afsonalarda esa bu umumxalq bayramining paydo bo‘lishi ajdodlarimizning bahor fasli va ko‘klamgi dala ishlarining boshlanishiga aloqador udumlariga bog‘lanadi. Navro‘z 21 martdan 22 martga o‘tar kechasi “Qozon to‘la” udumi bilan boshlanadi. Shu oqshomda kechasi bilan ko‘pchilik bo‘lib sumalak va halim ham pishirilgan. Bu taomlar qozoni ertasiga ochilgan. Navro‘z “qozon to‘ladigan”, ya’ni qut - baraka tantana qiladigan xalq bayrami hisoblangan.
Navro‘zga bag‘ishlangan xalq qo‘shiqlaridan birida shunday deyiladi:
Ulus kuni qozon to‘lsa,
Yil bo‘yi sut mo‘l bo‘lar,
Ulug‘lardan olqish olsang,
U yil o‘ljang mo‘l bo‘lar!
Asrlar o‘tishi bilan turli xalqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, bu kunni bayram qilish rasman ahamoniylar davridan boshlangan va O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston halqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan.
Hozirgacha Markaziy Osiyoda Navro‘zning rasmiy va norasmiy tarzda nishonlanishi xususida maxsus tadqiqotlar olib borilmagan. Taniqli olim A.Malikovning tadqiqotida Buxoro va Samarqandda Navro‘zning nishonlanishi, islom dinining yoyilishi va ruslar istilosidan keyingi transformatsiya jarayonlariga to‘xtalib, O‘rta Osiyoning madaniy jihatdan turli xil bo‘lgan musulmon aholisi g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan bayram sifatida ta’riflagan.O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar bu kunni yangi yilning boshlanishi sifatida quvonch bilan kutib olganlar. Bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bug‘doy undirilib, uning maysasidan sumalak tayyorlangan. O‘tdan chuchvara, yalpiz somsa kabi taomlar pishirilgan, otchopar, uloq, kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar o‘tkazilgan, bahor, ko‘klam haqida qo‘shiqlar kuylangan. Bayramning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida Navro‘zga bag‘ishlangan qo‘shiqlar aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlanib qolgan.
XX asrning 80-yillarida Navro‘z asossiz ravishda diniy bayram va marosimlar qatorida man qilindi. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, boshqa qadriyatlar qatorida Navro‘z bayrami ham tiklandi. Hozir yurtimizda ham Navro‘z - umumxalq bayrami sifatida nishonlanib, 21 mart dam olish kuni deb e’lon qilingan. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi hiyobon va maydonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, konsert-tomoshalar uyushtiriladi.
Yurtimiz tarixi davomida ko‘plab hukmron sulolalar, dinlar va mafkuralar almashgan bo‘lsa-da, biroq xalqimiz Navro‘z bayramini hamon nishonlab kelmoqda. Shu sababli u bilan bog‘liq folklor – xalq qo‘shiqlari, bolalar o‘yinlari, afsona va rivoyat, marosimlarni to‘plab, alohida majmua holida nashr ettirish qadim udumlarimizni saqlab qolishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Mahmudxon YuNUSOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.