Samarqandda bu yil Navro‘z bayrami qanday nishonlanadi?

Samarqandda Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish masalalari mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilovga ko‘ra, bu yilgi Navro‘z bayramining asosiy tadbiri Qorasuv massividagi "Yangi O‘zbekiston bog‘i"da o‘tkaziladi. Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, bayramda yangi sahna ko‘rinishlari, shoir va yozuvchilarning ijod namunalari, san’atkorlarning vatan, tabiat, yoshlik va go‘zallik haqidagi yangi qo‘shiqlari, xalq og‘zaki ijodi, ansambllarining chiqishlari va ilk marta askiya san’ati ijodkorlarining zamonaviy ijod mahsullari namoyish etiladi.

Shuningdek, viloyatdagi mahallalar, ta’lim muassasasalarining ko‘rgazma va chiqishlari, tadbirkor va hunarmadlar tomonidan yarmarkalar tashkil etilib, "Osh chempionati", kabob sayli, xalq o‘yinlari va sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Tadbirlar Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i, Registon maydoni, Alisher Navoiy nomli ko‘cha, Universitet xiyoboni, viloyat musiqali drama teatri maydoni, Farhod hamda Kimyogarlar shaharchasida ham davom etadi va "Mo‘’jiza" amfiteatrida konsert dasturlari namoyish etiladi.

Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etganlar va g‘oliblar rag‘batlantirilib, eng munosib hudud tajribasi ommalashtiriladi.

Viloyatning har bir shahar va tumanida ham Navro‘z xalq sayillari tarzida keng nishonlanadi.